Argentina Shveysariyani qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi

12-iyul 2026 10:43 eʼlon qilindi

Zohid Qurbonov

Zohid Qurbonov

Muxbir z.qurbonov@kursiv.media
Argentina Shveysariyani qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi / Foto: X

Argentina terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionati chorak finalida Shveysariyani qo‘shimcha bo‘limlardan so‘ng 3:1 hisobida mag‘lub etib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Uchrashuv Mayamidagi stadionda bo‘lib o‘tdi. Lionel Skaloni shogirdlari safida Xulian Alvares va Lautaro Martines qo‘shimcha bo‘limlar yakunida gol urib, jamoasiga g‘alaba keltirdi. Endilikda Argentina yarim finalda Angliya bilan bahs olib boradi.

Shveysariya hisobni tenglashtirdi, ammo bir futbolchisini yo‘qotdi

Argentina 10-daqiqadayoq hisobni ochdi. Lionel Messining burchak to‘pidan uzatmasidan so‘ng Aleksis Mak Allister boshi bilan aniq zarba yo‘lladi.

Shundan keyin Shveysariya tashabbusni qo‘lga olib, bir necha xavfli vaziyat yaratdi. Biroq Argentina darvozaboni Emiliano Martines ishonchli harakat qilib, raqib zarbalarini qaytardi.

Ikkinchi bo‘limda Dan Ndoye Rikardo Rodrigesning uzatmasidan so‘ng uzoq burchakka aniq zarba berib, hisobni tenglashtirdi.

Oradan ko‘p o‘tmay Brel Embolo Leandro Paredes bilan kurashdan so‘ng yiqildi. Dastlab hakam argentinalik futbolchini ogohlantirdi, biroq VAR takroriy ko‘rigi Emboloning simulyatsiya qilganini tasdiqladi. Natijada shveysariyalik hujumchi ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni tark etdi va jamoasi uchrashuvni bir kishi kam bo‘lib davom ettirdi.

G‘olib qo‘shimcha bo‘limlarda aniqlandi

Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlandi. Qo‘shimcha bo‘limlarda Argentina bosimni kuchaytirdi va 112-daqiqada Xose Lopesning uzatmasidan so‘ng Xulian Alvares darvozaning yuqori burchagini aniq nishonga olib, hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi.

Qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Lautaro Martines bo‘sh hududdan unumli foydalanib, uchinchi golni urdi va uchrashuvga yakuniy nuqtani qo‘ydi — 3:1.

Uchrashuv davomida Tiago Almada, Lautaro Martines va Xose Lopes ham sariq kartochka oldi. Xose Lopes hakam qaroridan norozilik bildirgani uchun ogohlantirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq chorak final bosqichida Angliya terma jamoasi Norvegiya ustidan irodali g‘alabani qo‘lga kiritib, musobaqaning yarim finaliga yo‘l olgan edi.

Shuningdek