Chevrolet Bolt elektromobili uchun chegirmalar e’lon qilindi

13-iyul 2026 07:56 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Bolt elektromobili uchun chegirmalar e’lon qilindi
Foto: GMAutority

Chevrolet kompaniyasi Chevrolet Bolt elektromobili uchun 2026-yil iyul oyiga mo‘ljallangan kredit va lizing takliflarini e’lon qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Aksiyalar doirasida xaridorlarga past foizli moliyalashtirish imkoniyati, Costco a’zolariga esa qo‘shimcha chegirma taqdim etiladi. Costco a’zolari Chevrolet Bolt xaridida $1 250 gacha chegirmaga ega bo‘lishi mumkin. Ushbu taklif 2026-yil 31-avgustga qadar amal qiladi.

Qanday takliflar bor

GM Financial orqali avtomobil xarid qilgan mijozlar uchun 36 oyga yillik 0,9 foiz, 48 oyga 1,9 foiz, 60 oyga 2,9 foiz, 72 yoki 75 oyga 3,9 foiz hamda 84 oyga 4,9 foiz stavkada kredit taklif etilmoqda.

Foto: Chevrolet

Chevrolet Bolt LT uchun 36 oylik lizing narxi oyiga $399 etib belgilangan. Yillik yurish chegarasi 10 ming milni tashkil etadi. 2021-yil yoki undan yangi avtomobilni lizing asosida boshqarayotgan mijozlar shartnoma tuzishda $5 019 to‘lashi kerak bo‘ladi. GM xodimlari va ularning talablarga javob beruvchi oila a’zolari uchun boshlang‘ich to‘lov $4 019 ni tashkil etadi. Har ikki holatda ham garov depoziti talab qilinmaydi.

Kredit va lizing takliflari 2026-yil 3-avgustga qadar amal qiladi. Ayrim mijozlar aksiyalarda ishtirok eta olmasligi, shuningdek, takliflar boshqa chegirma va maxsus moliyalashtirish dasturlari bilan birlashtirilmasligi mumkin.

2027-yilgi Chevrolet Bolt ikki komplektatsiyada sotiladi. LT versiyasining boshlang‘ich narxi yetkazib berish xarajatlari bilan birga $28 995, RS versiyasiniki esa $32 995 ni tashkil etadi.

Model haqida

Foto: Chevrolet

Yangi Chevrolet Bolt AQSh bozoridagi eng arzon elektromobil sifatida taqdim etilgan. Model GM Global B elektron arxitekturasiga asoslangan va zamonaviy xavfsizlik hamda qulaylik tizimlari bilan jihozlangan. Har ikki versiyada Super Cruise yarim avtonom boshqaruv tizimi taklif etiladi. RS komplektatsiyasida old o‘rindiqlarni isitish va shamollatish funksiyalari standart uskunaga kiritilgan.

Elektromobil Chevrolet Equinox EV modelida qo‘llaniladigan 210 ot kuchiga ega elektr motor bilan jihozlangan. Avtomobil faqat old g‘ildirakdan tortish tizimida ishlab chiqariladi. Uning bir quvvatlashdagi yurish masofasi 262 mil yoki qariyb 422 kmni tashkil etadi.

Chevrolet Bolt 65 kVt/soat sig‘imli litiy-temir-fosfat akkumulyatorga ega. Batareya 150 kVt quvvat bilan zaryadlanadi va quvvat darajasini 10 foizdan 80 foizgacha 26 daqiqada yetkazish mumkin. Model NACS zaryadlash porti bilan jihozlangani sababli Tesla Supercharger tarmog‘idan ham foydalanishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Tracker avtomobilini xarid qilishda yangi talablar joriy etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek