2027-yilgi Chevrolet Equinox qancha yuk torta oladi

13-iyul 2026 17:57 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
2027-yilgi Chevrolet Equinox qancha yuk torta oladi
Foto: GMAuthority

Chevrolet 2027-yilgi Equinox krossoverini deyarli o‘zgartirishsiz taqdim etdi. Model kundalik foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, og‘ir yuklarni tortishdan ko‘ra amaliy qulaylikka e’tibor qaratilgan. Bu haqda GMAuthority nashri xabar berdi.

Shunga qaramay, avtomobil yengil tirkamalarni tortish uchun yetarli imkoniyatlarni saqlab qolgan.

Barcha versiyalarda bir xil tortish quvvati

Foto: GMAuthority

2027-yilgi Chevrolet Equinox maksimal 680 kilogramm og‘irlikdagi tirkamani torta oladi. Bu ko‘rsatkich modelning barcha LT, Activ va RS komplektatsiyalarida, shuningdek, old g‘ildirakdan tortuvchi (FWD) va to‘liq uzatmali (AWD) versiyalarida bir xil.

Nimalarni tortish mumkin

680 kilogrammlik tortish quvvati Equinox’ga quyidagi yengil yuklarni tashishga imkon beradi:

  • yengil xo‘jalik tirkamalari;
  • kichik gidrosikllar (jet ski);
  • yengil dam olish va sport jihozlari ortilgan tirkamalar.

Tortishda nimalarga e’tibor berish kerak

Foto: GMAuthority

General Motors avtomobilning dastlabki 800 kilometr (500 mil) yurish davrida tirkama tortmaslikni tavsiya qiladi. Shuningdek, og‘ir yuk tortishdan oldin birinchi dvigatel moyini almashtirish, xavfsiz masofani saqlash, tik ko‘tarilishlarda tezlikni pasaytirish hamda tirkama ilgagi, chiroqlari va tormoz tizimini muntazam tekshirib turish tavsiya etiladi. Tirkama ulangan paytda ayrim haydovchiga yordam beruvchi elektron tizimlar to‘liq ishlamasligi ham mumkin.

Texnik xususiyatlari

2027-yilgi Chevrolet Equinox 1,5 litr hajmli turbokompressorli to‘rt silindrli benzin dvigateli bilan jihozlangan. Krossover GM D2 platformasida ishlab chiqariladi va Meksikadagi San Luis Potosi zavodida yig‘iladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingi e’lon qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek