Yaxshi yoki yomon: Abbosbek Fayzullayevning statistikasi yangilandi

14-iyul 2026 14:40 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yaxshi yoki yomon: Abbosbek Fayzullayevning statistikasi yangilandi
Manba: Getty Images/ FIFA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev 2026-yilgi jahon chempionatida nafaqat hujumni tashkil qilish, balki himoyaviy harakatlarda ham faol ishtirok etdi. Bu haqda FOX Sports platformasida e’lon qilingan futbolchining turnirdagi statistik ma’lumotlarida qayd etilgan.

Fayzullayev mundialda O‘zbekiston terma jamoasining uchta uchrashuvida qatnashdi va ularning barchasini asosiy tarkibda boshladi. Yarim himoyachi maydonda jami 224 daqiqa harakat qildi.

Statistikaga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi turnir davomida to‘rtta to‘p olib qo‘yish harakatini amalga oshirgan va ularning barchasini muvaffaqiyatli yakunlagan. Shu tariqa Fayzullayevning ushbu ko‘rsatkichdagi samaradorligi 100 foizni tashkil etdi.

Manba: Fox Sports

Bundan tashqari, u besh marta xavfli vaziyatda to‘pni uzoqlashtirgan va raqiblarning ikkita uzatmasini to‘sib qolgan. Futbolchi mundial davomida olti marta qoidabuzarlik sodir etgan, raqiblar esa unga qarshi to‘rt marta qoida buzgan. Uning hisobida avtogol yoki zarbani bloklash holati qayd etilmagan.

Jadvalda ko‘rsatilgan yettita o‘tkazib yuborilgan gol Fayzullayevning shaxsiy xatolari sonini anglatmaydi. Bu ko‘rsatkich futbolchi maydonda bo‘lgan yoki musobaqada qatnashgan davrdagi jamoaviy natija sifatida berilgan.

Avval qanday o‘ynagan

Foto: Getty Images

FOX Sports ma’lumotlarida Fayzullayevning avvalgi mavsumlardagi ishtiroki ham aks etgan. U 2023-yilgi U-20 jahon chempionatida to‘rtta uchrashuvning barchasini asosiy tarkibda boshlab, 315 daqiqa o‘ynagan. O‘sha yili Moskvaning «SSKA» klubi safida Rossiya Premyer-ligasida 16 ta bahsda qatnashib, har birida boshlang‘ich tarkibdan joy olgan.

Foto: Getty Images

2024-yilgi mavsumda Fayzullayev «SSKA» safida 27 ta chempionat uchrashuvining barchasini asosiy tarkibda boshlagan va maydonda 1 817 daqiqa harakat qilgan. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan esa Parij Olimpiadasida uchta o‘yinda qatnashgan.

Keyinchalik Turkiyaning «Bashakshehir» klubiga o‘tgan yarim himoyachi 2025-yilgi Superliga mavsumida 20 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Ularning 14 tasini asosiy tarkibda boshlagan va jami 1 105 daqiqa o‘ynagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abbosbek Fayzullayev kimga uylangani va to‘yda qaylig‘ini qanday o‘pgani haqida yozgan edi.

Shuningdek