Chevrolet elektromobili uchun chegirma e’lon qildi

14-iyul 2026 16:45 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet elektromobili uchun chegirma e’lon qildi
Foto: Chevrolet/ Manba: GMAutority

Chevrolet kompaniyasi AQSh bozorida Chevrolet Equinox elektromobili uchun chegirma e’lon qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Aksiyaga ko‘ra, 2026-yilgi Chevrolet Equinox EV modelini xarid qiluvchilar ayrim komplektatsiyalar uchun $1 ming miqdorida chegirma olishlari mumkin. LT 1 versiyasi ushbu taklifdan mustasno etilgan.

Shuningdek, avtomobilni GM Financial orqali 36 oy muddatga yillik 2,9 foiz stavkada kreditga sotib olish imkoniyati mavjud. Chevrolet Equinox EV LT 2 old g‘ildirakdan tortuvchi versiyasi uchun umummilliy lizing dasturi ham taklif qilinmoqda.

Foto: Chevrolet

Uning shartlariga ko‘ra, avtomobil 39 oy davomida oyiga $539 dan beriladi. Dastlabki to‘lov $4 659 ni tashkil qiladi, yillik yurish masofasi esa 10 ming mil bilan cheklangan. Taklif 2021-yil yoki undan yangi avtomobilni lizingga olgan mijozlar uchun amal qiladi.

GM xodimlari va ularning ayrim oila a’zolari uchun Equinox EV LT 2 modeli oyiga $639 dan taklif etilmoqda. Bunda boshlang‘ich to‘lov $1,66 mingni tashkil qiladi.

2026-yilgi Chevrolet Equinox EV narxi komplektatsiyaga qarab $36 795 dan $45 895 gacha. LT 1 versiyasi $36 795, LT 2 — $43 595, RS esa $45 895 dan boshlanadi.

Foto: Chevrolet

Model haqida

Old g‘ildirakdan tortuvchi Equinox EV 220 ot kuchiga, to‘liq uzatmali versiya esa 300 ot kuchiga ega. LT 2 va RS komplektatsiyalari 680 kilogrammgacha yuk tirkamasini torta oladi.

Barcha versiyalarda avtomobil akkumulyatoridan uyga elektr energiyasi uzatish imkonini beruvchi Vehicle-to-Home tizimi mavjud. Takliflar 2026-yil 3-avgustgacha amal qiladi. Ayrim chegirmalar mijozning yashash hududi va boshqa shartlarga qarab farq qilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Damas 3 haqida yozgan edi.

Shuningdek