
General Motors Braziliya bozorida Chevrolet Equinox EV modelini sotishni rasman to‘xtatdi. GM Authority’ga ko‘ra, kompaniya mamlakatga ushbu elektromobilning yangi partiyasini olib kirishni hozircha rejalashtirmayapti.
Avtomobil zaxiralari tugagan
GM South America ma’lumotiga ko‘ra, Braziliyadagi Chevrolet Equinox EV avtomobillari to‘liq sotib bo‘lingan.
Shundan so‘ng kompaniya modelning yangi partiyasini import qilmaslikka qaror qilgan. Shu tariqa Equinox EV Braziliya bozoridan chiqarildi.
Model ikki yilga ham yetmay bozordan ketdi

Chevrolet Equinox EV Braziliyada 2024-yil oktabr oyida sotuvga chiqarilgan edi.
Model premium toifadagi zamonaviy elektromobil sifatida taqdim etilgan bo‘lsa-da, unga talab past bo‘lib qoldi. Narx pasaytirilganidan keyin ham savdo sezilarli oshmagan.
Blazer EV ko‘proq sotilgan

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, narxi yuqoriroq bo‘lishiga qaramay, Chevrolet Blazer EV Braziliyada Equinox EV’dan ko‘proq sotilgan.
Bunga Blazer nomining mahalliy xaridorlar orasida ko‘proq tanilgani sabab bo‘lishi mumkin.
Chevrolet boshqa elektromobillarga e’tibor qaratadi

GM Braziliyada Chevrolet elektromobillari qatorini kengaytirish rejasidan voz kechmaganini bildirdi.
Kompaniya mahalliy ishlab chiqarilayotgan Spark EUV va Captiva EV modellariga, shuningdek, premium segmentdagi Blazer EV’ga e’tibor qaratadi.
Premium bozorda esa yil oxiridan boshlab Cadillac modellari faolroq taklif qilinishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026 – 2028-yillarda O‘zbekiston bozorida UzAuto Motors avtomobillarining o‘rtacha narxi $10,8 ming atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Fitch Ratings prognoziga ko‘ra, 2026-yilda UzAuto Motors avtomobil savdosini 1,3 foizga oshirib, 400 ming donaga yetkazadi. Narxlar barqaror saqlanib qolishi fonida kompaniya daromadi $4,4 mlrdga, 2029-yilga borib esa $4,7 mlrdga yetishi kutilmoqda.