
Xiaomi Skynomad oilasiga kiruvchi yangi krossoverlarning texnik xususiyatlarini oshkor qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Skynomad turkumidan besh o‘rindiqli N70 va kattaroq N90 krossoverlari o‘rin oladi. Modellar EREV texnologiyasi asosida yaratilgan: avtomobil g‘ildiraklarini elektr motorlari harakatga keltiradi, benzin dvigateli esa batareyani quvvatlantiruvchi generator vazifasini bajaradi.
Krossoverlarning yuqori komplektatsiyalari CALB kompaniyasi ishlab chiqargan 76 kVt/soat sig‘imli uch komponentli NMC batareya bilan jihozlanadi. Og‘irligi qariyb 400 kilogramm bo‘lgan ushbu batareya Skynomad N70’da WLTC sikli bo‘yicha 370–380 kilometr, N90’da esa 363 kilometr elektr yurish zaxirasini ta’minlaydi. CLTC sinov usulida bu ko‘rsatkich 505 kilometrgacha yetadi.

Har ikki avtomobilda 1,5 litrli M15DRE benzin dvigateli qo‘llanadi. Harbin Dongan tomonidan ishlab chiqarilgan agregat 112 kVt yoki 150 ot kuchi quvvatga ega bo‘lib, g‘ildiraklarni bevosita harakatlantirmaydi. Batareya quvvati tugagan sharoitda N70’ning yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga 6,1–6,26 litrni, N90’niki esa 6,28 litrni tashkil etadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
Skynomad N70’ning uzunligi 4 960 mm, kengligi 1 998 mm va balandligi 1 785 mm. G‘ildirak bazasi 2 950 mm. Bazaviy versiya orqa o‘qda joylashgan 210 kVtli, ya’ni 282 ot kuchiga teng bitta elektr motor hamda Sunwoda kompaniyasining 52 kVt/soatlik LFP batareyasi bilan jihozlanadi. Bu modifikatsiya WLTC siklida 270 kilometrgacha elektrda yurishi mumkin.

N70’ning to‘liq uzatmali versiyasiga old o‘qda qo‘shimcha 100 kVtli motor o‘rnatiladi. Natijada ikki motorning umumiy quvvati 310 kVt yoki 416 ot kuchiga yetadi. Aynan ushbu versiya 76 kVt/soatlik batareyani oladi.
Skynomad N90 esa uzunligi 5 285 mm, kengligi 1 998 mm va balandligi 1 825 mm bo‘lgan to‘liq o‘lchamli krossoverdir. Model standart ravishda umumiy quvvati 310 kVtga teng ikkita elektr motor bilan jihozlanadi. Avtomobilning ommaviy namoyishi 2026-yil 21-avgust kuni Chengdu xalqaro avtosalonida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Xiaomi 2026-yilda jami 550 mingta avtomobil sotishni maqsad qilgan. Kompaniyaning yilning birinchi yarmidagi savdosi 185 055 donaga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga oshgan. Skynomad oilasi Xiaomi’ning oilaviy va uzoq masofali safarlarga mo‘ljallangan avtomobillar segmentidagi yangi asosiy yo‘nalishiga aylanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi ayrim smartfonlar uchun Android 17 yangilanishini chiqargani haqida yozgan edi.