
OpenAI dasturchilar uchun Codex AI platformasi bilan ishlashni yengillashtiradigan ilk apparat qurilmasi — Codex Micro klaviaturasini taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina ma’lum qildi.
OpenAI’dan ilk apparat
Qurilma klaviatura ishlab chiqaruvchisi Work Louder bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda oldindan buyurtma berish mumkin.
Avvalroq kompaniyaning ekransiz SI yordamchisini taqdim etishi haqida taxminlar ilgari surilgan edi. Biroq OpenAI dastlab dasturchilar uchun mo‘ljallangan klaviaturani namoyish etdi.
Codex SI bilan ishlash uchun mo‘ljallangan
Codex Micro — Codex AI agentlari bilan tezroq va qulayroq ishlash imkonini beruvchi dasturlashtiriladigan klaviatura hisoblanadi.
U 13 ta mexanik tugma bilan jihozlangan bo‘lib, ulardan oltitasi yoritish tizimiga ega. Ushbu tugmalar faol sun’iy intellekt agentlarining holatini turli ranglarda ko‘rsatadi.
Foydalanuvchilar kod bo‘yicha takliflarni qabul qilish yoki rad etish, yangi chat boshlash, ovozli buyruqlarni yoqish hamda vazifalar o‘rtasida almashish kabi funksiyalarni tugmalarga biriktirishi mumkin.
Qo‘shimcha boshqaruv elementlari mavjud
Qurilmada Codex hisoblash quvvatini boshqarish uchun aylanuvchi regulyator hamda kodni tuzatish yoki qayta tuzish kabi tez-tez bajariladigan vazifalarni boshqarishga mo‘ljallangan joystik ham mavjud.
Shuningdek, klaviatura 32 ta almashtiriladigan tugma qopqog‘i bilan ta’minlangan bo‘lib, foydalanuvchilar ularni o‘z ish jarayoniga mos ravishda sozlashi mumkin. Qurilma Bluetooth va USB-C orqali ulanadi hamda Windows va macOS operatsion tizimlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Narxi va kelajakdagi rejalar
Codex Micro narxi $230 etib belgilangan. Hozircha u OpenAI va Work Louder orqali cheklangan miqdorda sotuvga chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq insonni 10 soniyada kiyintirib qo‘yadigan robot yaratilgani haqida xabar bergan edik.