
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanov Toshkentdagi autizm spektridagi bolalar bilan ishlovchi markazga tashrif buyurdi.
Markaz tarqatgan xabarga ko‘ra, futbolchi muassasa tarbiyalanuvchilari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi va esdalik uchun suratga tushdi. Ko‘plab bolalar uchun sevimli futbolchisi bilan yuzma-yuz ko‘rishish uzoq kutilgan orzu bo‘lgan.
Uchrashuv davomida bolalar Husanovga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish va u bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Markaz vakillari futbolchining tashrifi tarbiyalanuvchilarga ko‘plab samimiy hissiyotlar hamda unutilmas taassurotlar ulashganini ta’kidladi.
Sportchilarning bunday tashriflari alohida ehtiyojga ega bolalarning jamiyat hayotidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, ularning qiziqishlariga e’tibor qaratish va inklyuziv muhitni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Futbolchi haqida

Abduqodir Husanov 2004-yil 29-fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 186 santimetr bo‘yga ega futbolchi asosan markaziy himoyachi pozitsiyasida to‘p tepadi. U faoliyatining dastlabki bosqichida «Bunyodkor» akademiyasida shug‘ullangan, keyinchalik Belarusning «Energetik-BGU» klubida professional futbolga kirib kelgan.
Husanov 2023-yilda Fransiyaning «Lans» klubiga o‘tib, Liga 1’da o‘ynagan birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi. 2025-yil yanvarida esa «Manchester Siti» bilan 2029-yil yozigacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Shu tariqa u Angliya Premyer-ligasida maydonga tushgan O‘zbekiston terma jamoasining birinchi futbolchisi bo‘ldi.
Angliya klubi Husanovni tezkor, kuchli va yakkama-yakka kurashlardan cho‘chimaydigan himoyachi sifatida tavsiflaydi. Futbolchi «Manchester Siti»dagi ilk to‘liq mavsumi — 2025/2026-yillarda barcha musobaqalarda 47 ta uchrashuvda qatnashdi.
Husanov 2025-yil fevralida, keyinchalik esa 2026-yil yanvarida «Manchester Siti» muxlislari tomonidan klubning oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. U 2025/2026-yilgi mavsumda jamoasi bilan Angliya Liga kubogi va Angliya kubogini qo‘lga kiritdi.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli himoyachining amaldagi bozor qiymati 50 mln yevro deb baholanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Abduqodir Husanov ilk nikoh kechasidan nega voz kechgani haqida yozgan edi.