
General Motors kompaniyasi 2027-yilgi yangi Chevrolet Onix Activ modelini Argentina bozorida taqdim etdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Yangi model Buenos-Ayresdagi La Rural xalqaro chorvachilik, qishloq xo‘jaligi va sanoat ko‘rgazmasida namoyish qilindi. Chevrolet Onix Activ brendning krossoverlar qatoridagi boshlang‘ich model sifatida joylashtirilgan bo‘lib, shaharda foydalanishga mos, balandroq va ko‘p funksiyali avtomobillarga talab oshib borayotgan bir paytda ishlab chiqilgan.

GM Argentina tijorat direktori Andres Karfanyaning ta’kidlashicha, yangi Onix Activ boshlang‘ich segmentdagi krossover va SUV modellarga hamyonbop hamda jozibador muqobil bo‘lishi kerak. Model standart Onix’ning tejamkorligi, zamonaviy aloqa imkoniyatlari va boshqaruvdagi qulayligini saqlab qolgan.
Argentina bozorida Onix Activ LTZ Turbo versiyasining o‘rnini egallaydi. Model Chevrolet Onix turkumida Premier va RS komplektatsiyalaridan pastroq, biroq bazaviy versiyalardan yuqoriroq pog‘onada joylashadi.

Texnik imkoniyatlar va dizayn
Avtomobil faqat tashqi bezaklar bilan cheklanib qolmagan. Ishlab chiqaruvchi uning osma tizimi, shinalari va kuzovning ayrim qismlariga o‘zgartirish kiritgan. Natijada avtomobilning yo‘l oralig‘i 201 mmga yetkazilgan, shuningdek, kirish va chiqish burchaklari yaxshilangan. Bu Onix Activ’ning notekis yo‘llarda standart xetchbekka qaraganda erkinroq harakatlanishiga imkon beradi.
Model 1 litrli turbomotor va olti pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Xuddi shu kuch qurilmasi Argentinada sotiladigan Onix’ning boshqa versiyalarida ham qo‘llanadi.

Chevrolet Onix Activ’ning jihozlari kengaytirilgan bo‘lib, kuzovida qoraytirilgan bezak elementlaridan foydalanilgan. Xaridorlarga avtomobilning to‘rtta kuzov rangi taklif etiladi.
Yangi Onix Activ Argentinadagi rasmiy Chevrolet dilerlik markazlarida avgust oyining birinchi haftasidan sotuvga chiqariladi. Modelning boshlang‘ich narxi 35,04 mln peso yoki amaldagi kurs bo‘yicha taxminan $23,7 mingni tashkil etadi. General Motors ushbu versiya Chevrolet’ning mamlakatdagi eng ko‘p sotiladigan modellaridan biriga aylanishini kutmoqda.
Avvalroq «Kursiv» yangi Chevrolet Matiz avtomobili ishlab chiqarilish reja qilinayotgani haqida yozgan edi.