
May oyida O‘zbekistonning ayrim hududlarida bir sutka ichida yog‘gan yomg‘ir miqdori oylik me’yorning 50 dan 150 foizigacha yetdi. Bunday holat so‘nggi 50 yil ichida birinchi marta kuzatildi. Kuchli yog‘ingarchilik tog‘ va tog‘oldi hududlarida sel toshqinlarni keltirib chiqardi. So‘ngra mamlakatni jazirama issiqlik qamrab oldi. Kursiv Uzbekistan bu vaziyat sabablarini bilish uchun O‘zgidromet agentligi Gidrometeorologik ta’minot boshqarmasi boshlig‘i Azimjon Narzullayevga murojaat qildi.
– Azimjon aka, yog‘ingarchilik va sellar chindan ham odatdagidan ko‘proq bo‘ldimi?
— Joriy yilning bahor mavsumi O‘zbekistonning aksariyat hududlarida yog‘ingarchilik miqdori iqlim me’yoriga yaqin bo‘ldi (faqat janubiy hududlarda yog‘ingarchilik biroz me’yordan kam kuzatildi). Bahorning haddan tashqari seryog‘in bo‘lgandek taassurot qoldirishiga asosan may oyida yog‘ingarchilikning qisqa muddat ichida yog‘gani sabab bo‘ldi.
May oyida ayrim hududlarda bir sutkada yog‘gan yomg‘ir miqdori oylik me’yorning 50–150 foizigacha yetdi. Bu esa so‘nggi 50 yil ichida kuzatilgan misli ko‘rilmagan holatlardan biridir. Yog‘ingarchilikning yuqori jadalligi tog‘ va tog‘oldi hududlarida sel hodisalarini yuzaga keltirdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizning qurg‘oqchil iqlimi sharoitida bunday yomg‘irlar qator ijobiy jihatlarga ham ega. Ular qishloq xo‘jaligi uchun namlik zaxirasini to‘ldiradi, suv omborlari va daryolarni suv bilan boyitadi hamda atmosfera havosining tabiiy tozalanishiga xizmat qiladi.
– Nega aynan bu yil tog‘li hududlarda sel bunchalik tez-tez takrorlanmoqda?
— Toshkent, Jizzax, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘ va tog‘oldi hududlarida kuzatilayotgan to‘satdan yuz beruvchi toshqinlar hamda sel hodisalarining ko‘payishi bir necha omillar — hududning geografik xususiyatlari, global iqlim o‘zgarishi va inson faoliyati bilan bog‘liq.
Tog‘ tizmalari havo massalari uchun tabiiy to‘siq vazifasini bajaradi. G‘arbdan kirib kelayotgan iliq va nam havo Tyanshan hamda Pomir-Oloy tog‘lariga to‘qnashganda tez ko‘tarilib, soviydi. Natijada namlik tez kondensatsiyalanib, kuchli jala bulutlari shakllanadi. Shu sababli tekisliklarda oddiy qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ayotgan vaqtda tog‘larda juda kuchli jala kuzatilishi mumkin.
So‘nggi yillardagi asosiy iqlimiy tendensiya — yillik yog‘ingarchilik miqdori deyarli o‘zgarmagan holda uning intensivligi ortib borayotganidir. Endilikda oylik yog‘ingarchilik me’yorining 100–150 foizigacha bo‘lgan qismi bir necha soat ichida yog‘ib tushishi holatlari tobora ko‘proq kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, iqlim isishi natijasida qor chizig‘i yuqoriga siljimoqda. Ilgari qor ko‘rinishida yog‘adigan yog‘inlar endi yomg‘ir sifatida yog‘moqda. Kuchli yomg‘irlar qor va muzliklarning mavsumiy erishi bilan bir vaqtda kuzatilganda tog‘ daryolaridagi suv hajmi keskin ortadi.
Tekisliklardan farqli ravishda, tik tog‘ yonbag‘irlari va toshloq tuproqlar bunday hajmdagi suvni shimib ulgurmaydi. Natijada suv juda tez soy va daryo o‘zanlariga oqib tushadi. Kuchli oqim tuproqni yuvib ketadi, tosh, loy va tog‘ jinslarini o‘zi bilan olib, vayronkor sel oqimiga aylanadi.
Inson omili ham xavfni sezilarli darajada kuchaytiradi. Tog‘ yonbag‘irlarida butazorlarning kesilishi va chorva mollari haddan tashqari boqilishi o‘simlik qoplamining kamayishiga olib keladi. O‘simliklar esa tuproqni mustahkamlaydi va yog‘in suvining bir qismini shimib qoladi. Bundan tashqari, mavsumiy soylar yaqinida uy-joy va infratuzilma qurilishi natijasida hatto odatiy toshqinlar ham katta talafotlarga sabab bo‘lishi mumkin.
– Ijtimoiy tarmoqlarda «Eron o‘ziga qarshi qo‘llangan iqlim qurolini yo‘q qilgani uchun yog‘ingarchilik ko‘paydi» degan gaplar tarqaldi. Bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqin?
— «Iqlim quroli» va uning «zararsizlantirilgani» haqidagi bunday da’volar ilmiy asosga ega emas hamda turli taxmin va fitna nazariyalari toifasiga kiradi.

Zamonaviy meteorologiya va atmosfera fizikasi nuqtai nazaridan O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlarda kuzatilayotgan ob-havo o‘zgarishlari tabiiy atmosfera jarayonlari bilan to‘liq izohlanadi.
Yog‘ingarchilik xarakterining o‘zgarishi va kuchli yomg‘irlarning ko‘payishi Atlantika okeani hamda O‘rta Yer dengizi hududlaridan nam havo massalarining kirib kelishi, shuningdek global iqlim isishi bilan bog‘liq. Havo harorati oshgani sari atmosfera ko‘proq suv bug‘ini ushlab turadi va bu kuchli jala yomg‘irlarining yuzaga kelish ehtimolini oshiradi.

Bugungi kunda insoniyatda butun davlatlar miqyosidagi atmosfera jarayonlarini boshqarish yoki iqlimni tizimli ravishda o‘zgartirish imkonini beradigan texnologiyalar mavjud emas. Shu sababli kuzatilayotgan ob-havo hodisalari atmosfera fizikasi qonunlari va global iqlim o‘zgarishining tabiiy oqibatlari bo‘lib, sun’iy omillar bilan bog‘liq emas.
– Yaqindagi anomal issiqlik oddiy mavsumiy hodisami, yoki iqlim o‘zgarishining aniq belgisimi?
— O‘zbekiston uchun +40…+44 °C atrofidagi issiq to‘lqinlari endilikda yangi iqlimiy sharoitning odatiy qismiga aylanib bormoqda. Jahon meteorologiya tashkiloti va Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi (IPCC) baholariga ko‘ra, Markaziy Osiyo dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan tezroq isimoqda.

Shu sababli anomal issiq davrlar tobora uzoqroq davom etmoqda va tez-tez takrorlanmoqda, salqin yozlar esa kam uchraydigan holatga aylanmoqda. Agar bundan 30–40 yil avval Toshkentda +42…+44 °C harorat anomal hodisa hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunda bir necha kun davom etadigan 40 darajadan yuqori issiqlik odatiy yozgi holat sifatida kuzatilmoqda.
+45…+48 °C kabi o‘ta yuqori haroratlar va yangi mutlaq rekordlar hali ham kam uchraydi, biroq ularning yuz berish ehtimoli o‘tgan asr oxiriga nisbatan sezilarli darajada ortgan.
– Bunday ob-havo dehqonchilik va bog‘dorchilikka qanday ta’sir qiladi?
— Anomal yuqori havo harorati qishloq xo‘jaligi ekinlarining o‘sishi, rivojlanishi, hosil organlarining shakllanishi va yakuniy hosildorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mevali va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarida mevalarning qurishi, to‘kilishi, sifati va hosildorligining pasayishi kuzatiladi. Issiqlik stressi tufayli o‘simliklarda namlik tanqisligi kuchayadi, bu esa vegetatsiya jarayonlariga salbiy ta’sir qiladi.
– Oradan 5–7 yil o‘tgach, O‘zbekistonda yoz fasli yanada issiq bo‘ladimi?
— Kelgusi 5–7 yil davomida O‘zbekistonda havo haroratining oshishi ehtimoli yuqori bo‘lib, bu geografik, iqlimiy va urbanizatsiya omillari bilan bog‘liq.
Markaziy Osiyo sayyoraning o‘rtacha isish sur’atiga nisbatan qariyb uch baravar tezroq isimoqda. So‘nggi o‘n yilliklarda mamlakatimizda o‘rtacha havo harorati taxminan 1,6 °C, Orolbo‘yi hududlarida esa 2,5 °C gacha oshgan. Iqlim modellariga ko‘ra, 2030-yillarga borib yana 1,5–2,5 °C ga ko‘tarilishi mumkin.
Global isish faqat o‘rtacha haroratlarning oshishida emas, balki 40–45 °C va undan yuqori haroratli issiq to‘lqinlarining davomiyligi va takrorlanish chastotasining ortishida ham namoyon bo‘lmoqda. Bunga Eron, Afg‘oniston va Turkmaniston cho‘llaridan kirib kelayotgan issiq tropik havo massalarining ko‘payishi hamda garmsel shamollarining tez-tez kuzatilishi sabab bo‘lmoqda.

Vaziyatni cho‘llanish jarayoni ham murakkablashtirmoqda. Orolning qurigan tubida hosil bo‘lgan Aralqum cho‘li tez qizib, atmosferaga quruq issiqlik uzatadi. Erta keladigan iliq bahor esa tuproqning oldindan qizishiga olib keladi, natijada quyosh energiyasining katta qismi havoni yanada qizdirishga sarflanadi.
Yaqin yillarda asosiy muammolardan biri nafaqat kunduzgi, balki tungi haroratlarning ham (+28…+30 °C va undan yuqori) oshib borishidir. Bunday sharoitda shahar muhiti va tuproq tun davomida yetarli darajada sovishga ulgurmaydi.
Toshkent kabi yirik shaharlarda bu holat «shahar issiqlik oroli» effekti tufayli yanada kuchayadi. Bunga zich qurilish, yashil hududlarning qisqarishi, asfalt va beton qoplamalarining ko‘payishi, avtomobillar hamda konditsionerlar chiqarayotgan qo‘shimcha issiqlik sabab bo‘ladi.
Natijada elektr energiyasi iste’moli keskin ortishi, suv resurslariga bosim kuchayishi hamda shahar infratuzilmasi va qishloq xo‘jaligini tobora issiq va qurg‘oqchil iqlim sharoitiga moslashtirish zarurati yuzaga keladi.