Chevrolet kompaniyasi yangi avtomobilini taqdim etdi — foto

24-iyul 2026 16:43 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet kompaniyasi yangi avtomobilini taqdim etdi — foto
Foto: Chevrolet

Chevrolet kompaniyasi Kolumbiya bozorida 2026-yilgi Chevrolet Suburban Z71 yo‘ltanlamasini rasman sotuvga chiqardi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

To‘liq o‘lchamli model mamlakatdagi Chevrolet avtomobillari qatorining yangi flagmaniga aylandi va Silverado, Tahoe hamda Traverse’dan iborat premium yo‘nalishni kengaytirdi.

Chevrolet Suburban avtomobil sanoatidagi eng uzoq tarixga ega modellardan biri bo‘lib, uning uzluksiz ishlab chiqarilishi 92 yilni qamrab oladi. Shu vaqt ichida dunyo bo‘ylab 10 mln donadan ortiq Suburban sotilgan.

Foto: Chevrolet

Kolumbiyada model faqat yuqori jihozlangan Z71 versiyasida taklif qilinadi. Ushbu belgi Chevrolet’ning murakkab yo‘l sharoitlariga moslashtirilgan avtomobillarida qo‘llanadi. Suburban Z71 maxsus sozlangan osma, kuzov ostini himoyalovchi metall panellar, avtomobilni tortib chiqarishga mo‘ljallangan ilgaklar hamda yo‘lsizlik uchun moslashtirilgan shinalar bilan jihozlangan.

Texnik imkoniyatlar

Yo‘ltanlamaga 5,3 litrli atmosferali V8 benzin dvigateli o‘rnatilgan. Motor 355 ot kuchi va qariyb 519 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi. U General Motors’ning o‘n pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi hamda standart to‘liq uzatma tizimi bilan birga ishlaydi. Mazkur kuch qurilmasidan Kolumbiya bozoridagi Chevrolet Tahoe va Silverado modellarida ham foydalaniladi.

Foto: Chevrolet

Chevrolet Suburban Z71 asfalt yo‘llardagi qulay harakat bilan bir qatorda murakkab hududlarda yuqori o‘tuvchanlikni ta’minlashga mo‘ljallangan. Katta kuzov va keng salon modeldan uzoq masofali oilaviy safarlar, ko‘p yo‘lovchi tashish hamda katta hajmdagi yuklarni joylashtirishda foydalanish imkonini beradi.

Narx

Foto: Chevrolet

GM Kolumbiya rahbari Xuan David Roseroning ta’kidlashicha, yangi Suburban mamlakatda xavfsizlik, aloqa texnologiyalari, qulaylik va unumdorlik darajasi yuqori bo‘lgan avtomobillarga talab ortib borayotgan bir paytda taqdim etildi.

Model AQSHning Texas shtatidagi Arlington zavodida ishlab chiqarilib, Kolumbiyaga tayyor avtomobil sifatida yetkazib beriladi. Chevrolet Suburban Z71 rasmiy dilerlik markazlarida $125,9 mingdan sotilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Chevrolet Onix Activ 2027 test-drayv qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek