
2026-yil 12-avgust kuni osmon ixlosmandlarini bir vaqtning o‘zida uchta yirik astronomik hodisa kutmoqda. Shu kuni olti sayyora paradi, kunduzgi to‘liq quyosh tutilishi va Perseid meteor oqimining eng faol pallasi kuzatiladi.
Kun sayyoralar paradi bilan boshlanishi mumkin
Astronomlarga ko‘ra, 12-avgust tongida quyosh chiqishidan oldin osmonda olti sayyora saf tortadi.
Ularning ayrimlarini oddiy ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘ladi. Boshqalarini kuzatish uchun esa durbin yoki kichik teleskop kerak bo‘lishi mumkin.
Asosiy hodisa — to‘liq quyosh tutilishi
Kunning eng muhim astronomik voqeasi to‘liq quyosh tutilishi bo‘ladi. Mutaxassislarga ko‘ra, bu 27 yil ichidagi ilk to‘liq quyosh tutilishi.
Tutilish kunning oxirida yuz beradi. Quyosh ufqqa yaqin turgani sabab «quyosh botishidagi tutilish» yoki «oltin soatdagi tutilish» effekti paydo bo‘lishi mumkin.
Perseid meteor oqimi uchun qulay sharoit bo‘ladi
2026-yilda Perseid meteor oqimini kuzatish uchun sharoit juda qulay bo‘lishi kutilmoqda.
Meteor oqimining eng faol pallasi yangi oy kechasiga to‘g‘ri keladi. Shu sabab osmon qorong‘i bo‘ladi va Oy yorug‘ligi kuzatuvga xalaqit bermaydi.
Mutaxassislarga ko‘ra, Perseidlar cho‘qqisi keyingi safar yangi oy kechasiga faqat 2045-yilda to‘g‘ri keladi.
Bir kunda uchta noyob hodisa
Shu tariqa, 12-avgust kuni kunni sayyoralar paradi bilan boshlash, kunduz yoki kechga yaqin quyosh tutilishini kuzatish, kechasi esa Perseid meteor oqimidan bahramand bo‘lish mumkin. Astronomlar bu sanani 2026-yilning eng qiziqarli osmon hodisalaridan biri sifatida baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikki kichik sayyoraga o‘zbekistonlik olimlar nomi berilgani haqida xabar berilgandi. 2026-yil 9-iyul kuni Xalqaro astronomiya jamiyatining Kichik jismlar bo‘yicha qo‘mitasi (WGSBN) e’lon qilgan rasmiy bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ikki nafar olimi – Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov nomi ikki kichik sayyora asteroidga berildi.