Hongqi’dan super zaryadlash: u qanday ishlaydi

30-iyul 2026 08:17 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Hongqi’dan super zaryadlash: u qanday ishlaydi
Foto: Hongqi

Xitoyning Hongqi avtomobil brendi elektromobillar uchun super zaryadlash tizimiga ega yangi avlod akkumulyatorini sinovdan o‘tkazdi. Interesting Engineering nashri xabar berdi.

Sinov davomida akkumulyator quvvati 10% dan 70% gacha 3 daqiqa 41 soniyada oshgan. Quvvatni 10% dan 97% gacha yetkazish uchun esa 8 daqiqa 3 soniya talab etilgan. Shu tariqa, elektromobilni quvvatlash vaqti benzinli avtomobil bakini yoqilg‘i bilan to‘ldirishga ketadigan vaqtga yaqinlashmoqda.

Quvvatlash tezligi qanday oshirildi

Ishlab chiquvchilar litiy ionlarining harakatini tezlashtiruvchi yangi anod va maxsus elektrolitdan foydalangan. Kompozit uglerod qoplamasi hamda akkumulyator materiali tarkibiga qo‘shimcha modifikatsiyalar kiritilishi natijasida yacheykalarning ichki qarshiligi o‘xshash akkumulyatorlarga nisbatan 15% kamaygan.

Ichki qarshilikning pasayishi elektr energiyasining akkumulyatorga tezroq uzatilishiga imkon beradi. Biroq juda katta quvvat bilan zaryadlash batareyaning qizib ketishi va uning xizmat muddati qisqarishi xavfini oshiradi.

Hongqi’dan super zaryadlash: u qanday ishlaydi
Foto: Hongqi

Hongqi bu muammoni hal qilish uchun moslashuvchan suyuqlik orqali sovitish tizimini ishlab chiqdi. Tizim akkumulyator haroratini real vaqt rejimida nazorat qiladi va zarur bo‘lganda quvvatlash kuchini avtomatik ravishda o‘zgartiradi. Sinovlarda batareyaning alohida yacheykalari o‘rtasidagi harorat farqi uch darajadan oshmagan.

Shuningdek, boshqaruv tizimi haroratning ko‘tarilishi, yacheykalardagi kuchlanish va quvvat miqdorini doimiy kuzatib boradi. Bu ortiqcha quvvatlanish va kuchlanishning xavfli darajada oshishi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Hongqi batareyasi BYD’dan tezroq bo‘lishi mumkin

Foto: Hongqi

Taqqoslash uchun, BYD’ning ikkinchi avlod Blade batareyasi quvvatni 10% dan 70% gacha taxminan besh daqiqada, 97% gacha esa to‘qqiz daqiqada to‘ldiradi. Ushbu texnologiya kompaniyaning yuqori quvvatli maxsus zaryadlash stansiyalari bilan ishlaydi.

Hongqi’ning yangi akkumulyatori seriyali ishlab chiqarishga chiqarilsa, quvvatlanish tezligi bo‘yicha BYD ishlanmalaridan o‘zib ketishi mumkin. Biroq hozircha natijalar faqat sinov qurilmasida qayd etilgan.

Kompaniya akkumulyator qachon ommaviy ishlab chiqarilishi va u birinchi bo‘lib qaysi elektromobilga o‘rnatilishini ma’lum qilmagan. Shuningdek, batareyaning sig‘imi, bir marta quvvatlangandagi yurish masofasi va bunday tezlikni ta’minlaydigan zaryadlash stansiyasining quvvati ham oshkor etilmadi.

Avvalroq «Kursiv» General Motors mutlaqo yangi avtomobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek