
General Motors 2027-yilgi Chevrolet Onix Activ modelini Janubiy Amerikaning asosiy bozorlariga yetkazib berishni boshladi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Klirensi oshirilgan yangi versiya iyul oxirida Braziliya va Paragvayda sotuvga chiqarilgan bo‘lsa, endilikda Argentina dilerlik markazlariga ham kirib keldi.
Model haqida
Chevrolet yangi Onix Activ orqali xaridorlar orasida ommalashib borayotgan ixcham va hamyonbop krossoverlar segmentidagi o‘rnini mustahkamlashni rejalashtirmoqda. Model kuzovi yengil avtomobil shaklini saqlab qolgan bo‘lsa-da, balandroq osma va oshirilgan yo‘l oralig‘i hisobiga notekis yo‘llarda qulayroq harakatlanishga moslashtirilgan.

GM South America vakillarining ta’kidlashicha, balandlashtirilgan osma avtomobilning turli sharoitlardagi boshqaruviga ishonch qo‘shadi. Funksional tom reylinglari va maxsus bezak elementlari esa modelning faol turmush tarziga mo‘ljallangan qiyofasini kuchaytiradi. Shu bilan birga, avtomobil Onix oilasiga xos texnologiyalar, qulaylik va xavfsizlik tizimlarini saqlab qolgan.
Nimalar yangilangan

2027-yilgi Onix Activ tashqi ko‘rinishida qoraytirilgan bezaklar, ushbu versiya uchun maxsus ishlab chiqilgan 16 dyuymli yengil qotishmali g‘ildirak disklari, o‘zgacha radiator panjarasi va mustahkamroq ko‘rinishga ega orqa bamper bilan ajralib turadi. Model Onix qatorida o‘rta pog‘onani egallab, Premier va RS versiyalaridan pastroqda joylashtirilgan.

General Motors yangi versiyani yoqilg‘i tejamkorligini saqlagan holda krossoverga xos ko‘rinish va balandroq kuzovni istaydigan xaridorlarga mo‘ljallagan. Kompaniya 2027-yilning ikkinchi yarmida Onix Activ sotiladigan mamlakatlar sonini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Urugvay model chiqarilishi tasdiqlangan navbatdagi bozor bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri UzAuto Motors Cobalt va Damas uchun chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.