Li Auto i8 avtomobilining yangi versiyasi taqdim etildi

6-avgust 2026 09:29 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Li Auto i8 avtomobilining yangi versiyasi taqdim etildi
Foto: Li Auto

Xitoyning Li Auto kompaniyasi Li Auto i8 elektr krossoverining orqa g‘ildirakdan tortuvchi yangi versiyasini sotuvga chiqardi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Olti o‘rindiqli avtomobil 335 ot kuchiga ega bo‘lib, bir marta quvvatlanganda CLTC standarti bo‘yicha 780 kilometrgacha masofa bosib o‘tadi.

Yangi Li Auto i8 RWD’ning Xitoydagi boshlang‘ich narxi 309,8 ming yuan yoki qariyb $45,9 ming etib belgilandi. Kompaniya arzonroq modifikatsiya orqali modelga bo‘lgan talabni oshirishga urinmoqda.

Sotuvlar kutilgan natijani bermadi

Li Auto i8 ilk bor 2025-yil iyulida Xitoy bozoriga chiqarilgan. Dastlab avtomobil Pro, Max va Ultra nomli uchta komplektatsiyada taklif etilgan, biroq talab pastligi sababli kompaniya taqdimotdan bir hafta o‘tib yagona versiyaga o‘tgan.

Foto: Li Auto

To‘liq uzatmali standart i8 narxi 339,8 ming yuan yoki qariyb $50,3 mingni tashkil etgan. Shunga qaramay, Nio kompaniyasining Onvo L90 modeli kabi raqobatchilar bosimi ostida krossoverning savdo ko‘rsatkichlari pastligicha qolgan.

China EV DataTracker ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida Li Auto i8’dan 8 733 dona yetkazib berilgan. Iyun oyida esa mijozlarga atigi 779 ta avtomobil topshirilgan.

10 daqiqada 500 km yurishga yetadigan quvvat

Yangi RWD versiyasiga orqa o‘qqa o‘rnatilgan 250 kVt yoki 335 ot kuchiga ega bitta elektr motor o‘rnatilgan. Sig‘imi 97,8 kVt/soat bo‘lgan Sunwoda batareyasi avtomobilning 780 kilometrgacha yurishini ta’minlaydi.

Foto: Li Auto

800 voltli elektr arxitekturasi yordamida batareyani 10 daqiqada taxminan 500 kilometr masofaga yetadigan darajada quvvatlash mumkin. Elektr energiyasi sarfi har 100 kilometrga 13,6 kVt·soatni tashkil etadi. Avtomobil soatiga 100 kilometr tezlikka 6,6 soniyada erishadi.

Taqqoslash uchun, Li Auto i8’ning to‘liq uzatmali versiyasi umumiy quvvati 536 ot kuchiga teng ikkita elektr motor bilan jihozlangan. U 720 kilometr yuradi va 100 kilometr tezlikka 4,5 soniyada chiqadi.

Olti o‘rindiqli keng salon

Li Auto i8 uzunligi 5 085 millimetr, eni 1 960 millimetr va balandligi 1 740 millimetrni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3 050 millimetrga teng. Avtomobilning aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,218 Cd bo‘lib, bu ko‘rsatkich Tesla Model Y’dan yaxshiroq ekani qayd etilgan.

Salon 2+2+2 shaklidagi olti o‘rindiqli joylashuvga ega. Ikkinchi qatordagi alohida o‘rindiqlar 145 darajagacha yotqizilishi mumkin. Old panelga ikkita 15,7 dyuymli ekran o‘rnatilgan, 21,4 dyuymli shift ekrani esa qo‘shimcha haq evaziga taklif qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Li Auto sentabrda yangi i9 flagman krossoverini taqdim etishi haqida yozgan edi.

Shuningdek