
«Real Madrid» o‘z sahifasida braziliyalik hujumchi Vinisius Junior bilan tuzilgan shartnoma uzaytirilganini rasman e’lon qildi.
Klub xabariga ko‘ra, tomonlar yangi kelishuvga erishgan va unga muvofiq futbolchi 2032-yil 30-iyungacha madridliklar safida to‘p suradi.
Sakkiz yilda 14 ta sovrin
Vinisius Junior «Real Madrid»ga 2018-yilning yozida, 18 yoshida kelib qo‘shilgan. Shu vaqt davomida u klub safida 375 ta uchrashuv o‘tkazib, 128 ta gol urgan.
Braziliyalik futbolchi bu davrda jamoa bilan 14 ta sovrin qo‘lga kiritdi. Ular orasida:
- • 2 ta UEFA Chempionlar ligasi;
- • 3 ta FIFA klublar o‘rtasidagi jahon chempionati;
- • 2 ta UEFA Superkubogi;
- • 3 ta Ispaniya chempionligi (La Liga);
- • 1 ta Ispaniya Kubogi;
- • 3 ta Ispaniya Superkubogi bor.
Hal qiluvchi gollar muallifi
Vinisius «Real Madrid»ning so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatlarida asosiy futbolchilardan biri bo‘ldi. Xususan, u klub yutgan 2022-yilgi Parij va 2024-yilgi London Chempionlar ligasi finallarida gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Shaxsiy sovrinlar
26 yoshli futbolchi faoliyati davomida bir qator nufuzli individual mukofotlarni ham qo‘lga kiritgan.
U 2024-yilda The Best FIFA Men’s Player sovrini sohibiga aylangan. Bundan tashqari, 2024-yilgi Qit’alararo kubokning eng yaxshi futbolchisi, 2023/24-yilgi UEFA Chempionlar ligasining eng yaxshi o‘yinchisi, 2022-yilgi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining «Oltin to‘p» sohibi hamda 2021/22-yilgi Chempionlar ligasining eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan.
Shuningdek, Vinisius bir marta FIFA World XI, ikki marta FIFA FIFPro World11 ramziy terma jamoasidan, uch mavsum ketma-ket esa UEFA Chempionlar ligasining ramziy jamoasidan joy olgan.
Yangi shartnoma bilan Vinisius Junior kamida yana olti yil davomida «Qirollik klubi» sharafini himoya qiladi.
Avvalroq «Real Madrid» jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati finalida g‘alaba golini kiritgan «Barselona» hujumchisi Ferran Torresga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.