
UzAuto Motors 2026-yilning yanvar–iyun oylarida 82 951 dona Chevrolet Cobalt ishlab chiqardi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,5 foizga ko‘p. Autostrada nashrining yozishicha, modelning O‘zbekiston ichki bozoridagi savdosi 39,4 foizga kamayib, 40 936 donani tashkil etdi.
Yarim yil davomida ishlab chiqarilgan Cobalt’larning 49,3 foizi O‘zbekiston bozorida sotilgan. Ishlab chiqarish va ichki savdo o‘rtasidagi farq qariyb 42 mingta avtomobilni tashkil qilgan.
Mazkur farqning bir qismi eksportga yuborilgan bo‘lishi mumkin. Qolgan avtomobillarning qancha qismi omborlarda saqlanayotgani haqida esa ochiq ma’lumot keltirilmagan.
Bir yil avval ishlab chiqarilgan Cobalt’larning 92 foizi ichki bozorda sotilgan

2025-yilning birinchi yarmida UzAuto Motors 73 102 dona Chevrolet Cobalt ishlab chiqargan va ulardan 67 580 tasi O‘zbekistonda sotilgan edi. Bu ishlab chiqarish hajmining 92,4 foiziga teng.
2026-yilda esa ishlab chiqarish 82 951 donagacha oshganiga qaramay, ichki savdo 40 936 donagacha qisqardi. Natijada ichki bozorda sotilgan avtomobillarning ishlab chiqarishga nisbati 49,3 foizgacha tushdi.
Chevrolet Cobalt Qozog‘istonda ham sotiladi. Model ushbu mamlakat yangi avtomobillar bozorida 15,5 foizlik ulush bilan eng ommabop avtomobillardan biri bo‘lib qolmoqda. Cobalt Ozarbayjon, Armaniston va Mo‘g‘ulistonga ham eksport qilinadi. Qirg‘izistonda esa O‘zbekistondan yetkazib beriladigan mashina komplektlari asosida Chevrolet avtomobillari yig‘iladi.
Onix savdosi ishlab chiqarishdan yuqori bo‘ldi
UzAuto Motors’ning boshqa asosiy yengil avtomobil modellarida vaziyat boshqacha shakllangan. 2026-yilning birinchi yarmida 18 715 dona Chevrolet Onix ishlab chiqarilgan, O‘zbekiston ichki bozorida esa 19 595 dona sotilgan. Ya’ni savdo ishlab chiqarish hajmidan 880 donaga ko‘p bo‘lgan.

Chevrolet Tracker bo‘yicha esa 23 249 dona avtomobil ishlab chiqarilib, 20 274 tasi ichki bozorda sotilgan. Bu ishlab chiqarish hajmining qariyb 87 foiziga teng.
Cobalt, Onix va Tracker bo‘yicha jami ishlab chiqarish hajmi yarim yilda 124 915 donani tashkil etgan. Shu davrda O‘zbekiston bozorida 80 805 dona avtomobil sotilgan. Natijada ichki savdo ishlab chiqarishning 64,7 foiziga teng bo‘lgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 82,1 foizni tashkil etgan.
Cobalt ishlab chiqarish sur’ati iyunda pasaydi
2026-yil boshida Chevrolet Cobalt ishlab chiqarish yuqori sur’atlarda o‘sdi. Fevralda 16 223 dona avtomobil ishlab chiqarilib, yillik o‘sish 17,6 foizni tashkil etdi. Martda ishlab chiqarish 19,1 foizga, aprelda esa 22,9 foizga oshdi.
May oyiga kelib o‘sish sur’ati 9,5 foizgacha sekinlashdi. Iyun oyida esa zavod 13 649 dona Cobalt ishlab chiqardi. Bu 2025-yil iyunidagi 14 198 donaga nisbatan 3,9 foizga kam.
Avvalgi yillarda Cobalt ishlab chiqarishining katta qismi yilning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelgan. Masalan, 2025-yilning birinchi yarmida zavod oyiga o‘rtacha 12 184 dona Cobalt ishlab chiqargan bo‘lsa, ikkinchi yarmida bu ko‘rsatkich 14 675 donaga yetgan.
Cobalt hozir navbatsiz ham sotilmoqda
Chevrolet Cobalt hozir O‘zbekistonda navbatsiz xarid qilish, muddatli to‘lov va imtiyozli avtokredit dasturlari orqali ham taklif qilinmoqda. Shunga qaramay, yilning birinchi yarmida ichki bozordagi savdo sezilarli kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri ergelida 110 mln so‘mdan boshlab qanday avtomobillarni sotib olish mumkinligi haqida yozgan edi.