
Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges Lissabon yaqinidagi Kaskayshda yopiq tarzda nikohdan o‘tdi. Marosim futbolchining qiymati 30 mln yevro deb baholanayotgan yangi qarorgohida o‘tkazilgan, deya yozmoqda sport24.ru nashri.
Manbaga ko‘ra, nikoh marosimi 11-avgust kuni soat 13:30 da bo‘lib o‘tgan. Ronaldu va Jorjina qariyb o‘n yillik munosabatlardan so‘ng rasman er-xotin bo‘lgan.
To‘yda kimlar qatnashgan
Yopiq marosimga Jorjinaning singlisi Ivana, Ronalduning uzoq yillik do‘sti Migel Paishan, shuningdek, ispaniyalik juftlik – zargar Xose Rodriges Sangil va Monika Gonsales Martines taklif qilingan. Shu tariqa nikoh marosimida juftlikning farzandlari va atigi to‘rt nafar mehmon bo‘lgan.
Futbolchining onasi Dolores Aveyru va uning opa-singillari esa marosimda qatnashmagan. Manbada buning sababi haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Ronaldu va Jorjina nikoh shartnomasini ham imzolagan

Juftlik nikohdan bir kun avval – 10-avgust kuni nikoh shartnomasini rasmiylashtirgan. Hujjatga ko‘ra, er-xotinning mol-mulki alohida tartibda saqlanadi. Ya’ni Ronaldu va Jorjina nikohgacha o‘zlariga tegishli bo‘lgan aktivlarga egalik qilishda davom etadi.
Bu kelishuv juftlikning nikohdan oldingi mol-mulklarini bir-biridan huquqiy jihatdan ajratib turishni nazarda tutadi.
Nikoh unashtiruvdan roppa-rosa bir yil o‘tib bo‘ldi

Ronaldu va Jorjina nikohni unashtiruv e’lon qilinganidan aynan bir yil o‘tib rasmiylashtirgan. Ular qariyb o‘n yil davomida birga yashagan va shu davr mobaynida bir necha farzandni birgalikda tarbiyalagan.
Juftlik katta va ommaviy to‘y marosimi o‘rniga tor doiradagi yopiq nikohni tanlagan. Nikoh haqidagi xabar esa keyinchalik ularning qo‘llari va nikoh uzuklari aks etgan surat orqali ommaga ma’lum qilingan.
Avvalroq «Kursiv» Jorjina Rodriges va Ronalduning to‘yida kimlar qatnashgani haqida yozgan edi.