
Oʻzbekistonda maktabga tayyorgarlik koʻrish borgan sari koʻproq internet makoniga koʻchmoqda. Ota-onalar marketpleyslardan nafaqat kanselyariya mahsulotlari va ryukzaklarni, balki yaqingacha faqat maktab bozorlaridan xarid qilingan kiyim-kechak hamda poyabzallarni ham buyurtma qilmoqda. Onlayn sotuvchilar uchun avgust oyi bir necha hafta ichida savdo hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini beruvchi eng muhim mavsumlardan biriga aylandi. «Kursiv» nashri Uzum Market sotuvchilaridan xaridorlarning talablari qanday oʻzgarayotgani va bu davrda daromad olishga nima yordam berayotganini aniqladi.
1-sentabr yaqinlashgani sari xaridorlar faollashmoqda
Oʻquv yili yaqinlashgani sari talab ortib boradi va 1-sentabr arafasida eng yuqori nuqtaga etadi – buni turli toifadagi tovarlar sotuvchilari ta’kidlamoqda.
«Maktab mavsumida buyurtmalar soni ortadi, Uzum Market esa bizga nafaqat oʻz shahrimizda, balki butun mamlakat boʻylab xaridorlar bilan ishlash imkonini beradi. Bu yil biz oʻtgan mavsumga nisbatan talabning yana oʻsganini koʻrmoqdamiz», – deydi Disher poyabzal doʻkoni vakili Dilshod Abdulhayev.
Kompaniya sotuvining asosiy qismini maktab va kundalik kiyish uchun moʻljallangan poyabzallar tashkil etadi.

Darenzi kiyim-kechak doʻkoni ham shunga oʻxshash dinamikani qayd etmoqda. Bir oyda uning Uzum Market’dagi savdosi taxminan 100 mln soʻmni tashkil qiladi, ammo oʻquv yili boshlanishi oldidan tovar aylanmasi sezilarli darajada oshadi. Mavsumning eng xaridorgir tovarlari – oʻgʻil va qiz bolalar uchun maktab koʻylaklari.
Marketpleys ota-onalarga vaqtni tejashga yordam beradi
Bolani maktabga tayyorlash kamdan-kam hollarda bittagina xarid bilan cheklanadi: kiyim-kechak, poyabzal, sumka, kanselyariya va oʻnlab mayda-chuyda buyumlar kerak boʻladi. Marketpleysda bularning barchasini bitta buyurtmada jamlash mumkin – dam olish kunlarini bozor va doʻkonlarni aylanib oʻtkazmasdan, narxlarni solishtirish, sharhlarni oʻrganish va tovarlarni eng yaqin topshirish punktidan olish imkoni mavjud.
Eʼtiborlisi, hatto «kiyib koʻrish» talab etiladigan toifalarga boʻlgan munosabat ham oʻzgarmoqda. Disher vakillarining soʻzlariga koʻra, xaridorlar anʼanaviy ravishda sotib olishdan oldin kiyib koʻrishni afzal koʻradigan poyabzal mahsulotlarini ham borgan sari onlayn buyurtma qilishga tayyor. Bu sotuvchilar zimmasiga yangi talablarni yuklaydi: tovarni ushlab koʻrmasdan turib, xaridor modelning koʻrinishi, qanday materialdan tayyorlangani va qaysi oʻlcham unga mos kelishini oldindan aniq tushunishi kerak.
Darenzi doʻkoni esa vizual kontentga alohida eʼtibor qaratmoqda: mijozga qaror qabul qilish osonroq boʻlishi uchun kiyimlar modellarda tasvirga olinadi va turli rakurslardan koʻrsatiladi.

Aksiyalar savdo hajmiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin
Maktab mavsumi xaridorlarning katta oqimini yaratadi, biroq undan faqat oldindan tayyorgarlik koʻrganlargina unumli foydalana oladilar. Darenzi tajribasi shuni koʻrsatadiki, marketpleys ichidagi targʻibot muhim rol oʻynaydi: doʻkon vakili Ibrohimjon Abdurazzoqovning kuzatishlariga koʻra, aksiya va reklama kampaniyalarida ishtirok etish savdoni 50% gacha oshirishi mumkin.
Shu sababli, avgust oyidagi eng yuqori talabga tayyorgarlik bir necha hafta oldin boshlanadi: sotuvchilar xaridorgir tovarlar zaxirasini koʻpaytiradi, kartochkalarni yangilaydi, fotosuratlarni tayyorlaydi va promo-aksiyalarda ishtirok etishni rejalashtiradi. Disher’da esa mavsum oldidan mahsulot yetkazib berish hajmi oldindan oshiriladi – yuqori talab mavsumidagi tovar tanqisligi boy berilgan daromadni anglatadi.
Disher sotuvining asosiy qismini maktab, oʻqish va kunlik kiyish uchun moʻljallangan qulay poyabzallar tashkil etadi. Bunday mahsulotlar uchun tovar kartochkasining sifati juda muhim rol oʻynaydi. Tovarni qoʻlda ushlab koʻrmasdan turib, xaridor uning tashqi koʻrinishi, materiali, rangi va boshqa xususiyatlari haqida maksimal darajada toʻliq tasavvurga ega boʻlishi kerak.
Onlayn savdoda sifatli fotosuratlar ham alohida ahamiyatga ega. Xaridor libosning amalda qanday koʻrinishini oldindan tasavvur qila olishi uchun Darenzi mahsulotlarni modellarda namoyish etadi va ularni turli rakurslardan tasvirga oladi.

Sotuvchilar mavsumga oldindan tayyorgarlik koʻrishadi
Disher vakillari yangi sotuvchilarga birdaniga iloji boricha keng assortimentni qamrab olishga urinmasdan, avvalo talabni oʻrganishni maslahat berishadi. Yuqori talab mavsumida toʻrtta omil hal qiluvchi ahamiyatga ega: tovarning mavjudligi, uning sifati, yaxshi sharhlar va ortib borayotgan buyurtmalar oqimini tezkor qayta ishlash qobiliyati.
Uzum Market sotuvchilarining tajribasiga koʻra, muvaffaqiyatli maktab mavsumining formulasi bir nechta elementlardan tashkil topadi: talabni oldindan baholash, yetarli tovar zaxirasi, sifatli fotosuratlar bilan puxta ishlangan kartochkalar hamda marketpleys aksiyalariga oʻz vaqtida qoʻshilishga tayyorlik.
Avvalroq «Kursiv» Chinor Ceramics Uzum Market’dan qanday foydalanayotgani haqida yozgan edi.