
«O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmi jahon prokatida $2 milliarddan ortiq daromad keltirib, ushbu marraga eng tez erishgan filmlardan biriga aylandi. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.
Uch haftada $2 milliard
Tom Holland bosh rolni ijro etgan «O‘rgimchak odam: Yangi kun» filmi uch haftalik prokatdan so‘ng dunyo bo‘yicha $2,022 milliard daromad yig‘di.
Shundan $785 millioni Shimoliy Amerika kinoteatrlaridagi, $1,23 milliardi esa xalqaro bozorlardagi prokat hissasiga to‘g‘ri keladi.
«Qasoskorlar: Intihom»dan keyingi eng tezkor natija
Film tarixda $2 milliard daromad olgan sakkizinchi kartinaga aylandi. «O‘rgimchak odam: Yangi kun» ushbu natijaga «Qasoskorlar: Intihom»dan keyin eng tez erishgan film bo‘ldi. «Qasoskorlar: Intihom» $2 milliardlik marrani 11 kunda zabt etgan.
$2 milliarddan ortiq daromad olgan boshqa filmlar qatoriga «Avatar», «Titanik», «Avatar: Suv yo‘li», «Yulduzlar jangi: Kuchning uyg‘onishi» va «Qasoskorlar: Cheksizlik jangi» kiradi.
Premyeradanoq rekordlar
«O‘rgimchak odam: Yangi kun» iyul oxirida kinoteatrlarga chiqqanidan buyon yuqori natijalarni qayd etmoqda. Filmning dastlabki dam olish kunlaridagi jahon prokati $932 millionni tashkil qilgan.
Kartina olti kun ichida $1 milliard daromaddan oshib, ushbu marrani eng tez zabt etgan filmlardan biriga aylandi.
«O‘rgimchak odam: Yangi kun» hozirning o‘zidayoq jahon prokatlari tarixidagi eng ko‘p daromad keltirgan filmlar sakkizligidan joy oldi. Mutaxassislar filmning yakuniy daromadi $3 milliardga yetishi mumkinligini ham taxmin qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Hayvonlar shahri» multfilmining uchinchi qismi qanday bo‘lishi haqida yozgandi.