
iPhone 18 Pro seriyasida qo‘llanishi kutilayotgan yangi A20 Pro protsessori amaldagi A19 Pro’dan 18% kuchliroq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, chipning energiya sarfi taxminan 30 foizga kamayishi kutilmoqda.
Fixed Focus Digital ma’lumotiga ko‘ra, Apple’ning yangi A20 Pro protsessori TSMC tomonidan 2 nanometrli texnologik jarayonda ishlab chiqariladi.
Chipda Gate-All-Around arxitekturasi qo‘llanishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat ishlash tezligini oshirish, balki energiya samaradorligini ham yaxshilash imkonini berishi mumkin.
Quvvat sarfi 30 foizga kamayishi mumkin
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, A20 Pro protsessorining maksimal energiya iste’moli A19 Pro bilan solishtirganda qariyb 30 foizga past bo‘lishi mumkin.
Bu kelajakdagi iPhone 18 Pro’da bir vaqtning o‘zida yuqori unumdorlik va yaxshiroq batareya ishlash vaqtini ta’minlashi mumkin.
Yangi chip ishlab chiqarish qimmatroq bo‘ladi
2 nanometrli texnologiyaga o‘tish Apple uchun xarajatlarni ham oshirishi kutilmoqda.
Avvalroq iPhone 18 Pro uchun ayrim komponentlarning tannarxi taxminan 40 foizga oshishi mumkinligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi.
Shuningdek, operativ xotira taqchilligi ham qurilma narxiga ta’sir qilishi mumkin.
iPhone 18 Pro narxi $1399 dan boshlanishi mumkin
Dastlabki baholarga ko‘ra, iPhone 18 Pro’ning boshlang‘ich narxi $1399 gacha ko‘tarilishi mumkin. Seriyaning rasmiy taqdimoti sentabrda o‘tkazilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple’ning ilk buklanuvchi iPhone’i taqchil bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bunga qurilmaning murakkab konstruksiyasi va ishlab chiqarish sur’atlarining dastlabki bosqichda past bo‘lishi sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.