
Samsung Galaxy S26 FE smartfoni kompaniyaning rasmiy hujjatlarida yettita model raqami bilan ko‘rindi, deya xabar berdi GSM Arena. Qurilma uch xil rang va kamida ikki xil xotira variantida taqdim etilishi kutilmoqda.
Hozircha Galaxy S26 FE’ning uchta rangi ma’lum: yalpiz rang, qora va to‘q ko‘k. Shuningdek, smartfon 8 GB tezkor xotira bilan 128 GB yoki 256 GB doimiy xotira variantlarida chiqishi kutilmoqda.
Agar faqat ushbu rang va xotira kombinatsiyalari hisobga olinsa, jami oltita versiya hosil bo‘ladi. Shu sababli yettinchi model raqami nimaga tegishli ekani hozircha noma’lum.
Alohida SIM yoki biznes versiyasi bo‘lishi mumkin

Taxminlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S26 FE’ning bir va ikki jismoniy SIM-kartali variantlarini tayyorlayotgan bo‘lishi mumkin.
Yana bir ehtimol korporativ mijozlar uchun alohida Enterprise Edition versiyasi. Avvalgi Galaxy S25 FE ham shunday modifikatsiyada chiqarilgan edi.
Taqdimot yaqinlashmoqda
Galaxy S26 FE allaqachon Google Play Console bazasida paydo bo‘lgan, FCC sertifikatidan o‘tgan va ishlayotgan qurilma aks etgan videoda ham ko‘ringan.
Samsung hozircha smartfonning rasmiy taqdimot sanasini e’lon qilmagan. Biroq qurilmaning rasmiy hujjatlarda paydo bo‘lishi va sertifikatsiyalardan o‘tishi uning taqdimoti yaqinlashganidan dalolat bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S26 uchun 400 yevro chegirma e’lon qilingani haqida xabar berilgandi. SamMobile ma’lumotiga ko‘ra, maxsus taklif Samsung’ning Niderlandiyadagi rasmiy onlayn-do‘konida amal qilmoqda. Chegirmadan foydalanish uchun xaridni rasmiylashtirish vaqtida B2S2026 promo-kodini kiritish kerak.