Angliyaliklar Abduqodir Husanov haqida nima deydi

28-avgust 2026 09:35 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Angliyaliklar Abduqodir Husanov haqida nima deydi
Foto: Instagram/ Husanov

Abduqodir Husanovning Angliyadagi faoliyatiga faqat «Manchester Siti»dagi o‘yinlar soni orqali baho berish qiyin. 2025-yil yanvarida «Chelsi»ga qarshi dahshatli boshlangan debyutidan keyin Britaniya matbuotida unga achinish ohangi ustun edi. Oradan bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tib esa BBC uni «Manchester Siti» himoyasining muhim futbolchilaridan biri sifatida tahlil qila boshladi. Kursiv Uzbekistan Britaniya OAV, futbol ekspertlari hamda ingliz tilidagi «Manchester Siti» muxlislari muhokamalarini o‘rganib, Abduqodir Husanov haqidagi qarashlar qanday o‘zgarganini jamladi.

Dastlabki taassurot: «Bu yigitga qarab yig‘lagim keldi»

Husanovning Angliyadagi hikoyasini uning «Chelsi»ga qarshi 2025-yil 25-yanvardagi debyutisiz tushuntirib bo‘lmaydi. U uchrashuv boshida xato qilib, raqibning gol urishiga sababchi bo‘ldi, ko‘p o‘tmay sariq kartochka ham oldi.

O‘sha paytda Sky Sports eksperti Jeymi Rednapp muammoni faqat Husanovdan qidirmadi. Uning fikricha, endigina Angliyaga kelgan, jamoa bilan deyarli mashg‘ulot o‘tkazmagan 20 yoshli markaziy himoyachini bunday bosimli uchrashuvda asosiy tarkibga qo‘yish Pep Gvardiola tomonidan qilingan tavakkal qaror edi. Rednapp futbolchini bunday sharoitga tashlash «xato» bo‘lganini aytdi.

Gari Nevillning reaksiyasi esa yanada esda qolarli bo‘ldi:

«Bu yigitga qarab yig‘lagim keldi» – degan edi u.

Nevill debyutning dastlabki daqiqalarini juda og‘ir deb baholagan bo‘lsa-da, Husanov maydondan olinganida jamoadoshlarining uni qo‘llab-quvvatlaganiga alohida e’tibor qaratdi. Sky ekspertlari uchun o‘sha oqshomdagi asosiy xulosa Husanovning Angliya futboliga yaramasligi emas, aksincha, undan darhol mukammal o‘yin kutish noto‘g‘ri ekanida edi.

Bir yil o‘tib BBC butunlay boshqa Husanovni ko‘rdi

2026-yil fevraliga kelib Britaniya matbuotidagi ohang keskin o‘zgardi. BBC Sport Husanovga bag‘ishlangan alohida materialini uning muvaffaqiyatsiz debyutdan keyin «Manchester Siti» himoyasida muhim futbolchiga aylangani haqidagi tahlilga qurdi. Nashr, ayniqsa, uning tezligi va yuqori himoya chizig‘ida o‘ynash qobiliyatiga e’tibor qaratdi.

Bunga Pep Gvardiolaning Husanov haqidagi qarashi ham ta’sir qilgan. Murabbiy futbolchini nafaqat jismonan kuchli, balki o‘yinni yaxshi tushunadigan himoyachi deb hisoblaydi.

«U juda aqlli», – degan edi Gvardiola 2026-yilgi o‘yinlaridan biridan keyin.

«Manchester Siti» murabbiylar shtabidagi Pep Leynders ham Husanovning asosiy ustunligi faqat yugurish tezligidan iborat emasligini aytdi. Uning ta’rificha, o‘zbekistonlik himoyachi «juda tez», biroq shu bilan birga, vaziyatlarni xotirjam va aqlli himoya qiladi. Leynders Husanovning oldida hali rivojlanish uchun katta imkoniyat borligini ta’kidlagan.

Bu juda muhim o‘zgarish: Angliyaga kelgan paytda matbuot Husanovning xatolarini muhokama qilgan bo‘lsa, 2026-yilda asosiy savol uning «Siti»da o‘ynay olishi emas, kelajakda jamoa himoyasida qanchalik katta rolga ega bo‘lishi haqida bo‘lib qoldi.

«The Guardian»: O‘zbekiston himoyasining asosiy futbolchisi

Husanovning obro‘si faqat Manchester atrofidagi matbuot bilan cheklanib qolmadi. 2026-yilgi jahon chempionati oldidan O‘zbekiston terma jamoasiga bag‘ishlangan The Guardian materialida Husanov himoyadagi «asosiy futbolchi» sifatida ta’riflandi. Nashr uni O‘zbekiston tarkibidagi xalqaro auditoriyaga eng yaxshi tanish futbolchi sifatida ham ajratib ko‘rsatdi.

The Independent ham xuddi shunga yaqin baho berdi. Nashr O‘zbekiston mundial tarkibini tahlil qilar ekan, «Manchester Siti» himoyachisini jamoaning asosiy ramzlaridan biri sifatida ko‘rsatdi.

Bu Husanovning Angliyadagi maqomi qanday o‘zgarganini yaxshi ko‘rsatadi. 2025-yil boshida ingliz o‘quvchilariga uni kim ekanini tushuntirish zarur bo‘lgan bo‘lsa, bir yarim yil ichida Britaniyaning yirik nashrlari O‘zbekiston terma jamoasi haqida yozganda, birinchi navbatda, Husanov nomini tilga ola boshladi.

Ingliz jurnalistlarini Husanovda nima hayratga solmoqda

Eng ko‘p takrorlanadigan sifat – tezlik.

Husanov «Manchester Siti»ga kelishidan oldin ham ESPN tahlilchilari uning jismoniy tayyorgarligi, oldinga chiqib to‘pni olib qo‘yish uslubi va yakkama-yakka kurashlarini asosiy ustunlik deb ko‘rsatgan edi. Fransiyada qayd etilgan 37 km/soatlik yugurishi ham uning eng mashhur ko‘rsatkichlaridan biriga aylangan. Shu bilan birga, tahlil Husanovning tajovuzkor himoya uslubi ba’zan keraksiz qoida buzishlarga olib kelishi mumkinligini qayd etgan.

2026-yilga kelib ingliz jurnalisti Genri Vinter ham Husanovning tezligi, atletizmi va kurashdan qochmasligini yuqori baholadi. «Arsenal»ga qarshi Liga kubogi finalidan keyin u Husanov hali ayrim xatolarini bartaraf etishi kerakligini, biroq o‘yinidagi rivojlanish yaqqol ko‘rinayotganini yozdi. Uning fikrini «Manchester Siti»ning rasmiy jurnali ham keltirdi.

Manchester Evening News ham 2026-yil bahorida Husanovga bo‘lgan ishonchning oshganini aks ettirdi. 19-aprel kuni «Arsenal»ga qarshi uchrashuvdan keyingi futbolchilar bahosiga bag‘ishlangan material sarlavhasidayoq Husanovning o‘yini «great» – juda yaxshi deb ta’riflangan.

Demak, ingliz jurnalistlarini hozir Husanovda uchta jihat ko‘proq jalb qilmoqda: tezlik, ochiq maydonda hujumchini quvib yetish qobiliyati va himoyada kurashdan qochmasligi.

Muxlislar nima deydi: debyutdagi achinishdan «asosiy tarkibga qo‘ying»gacha

OAV baholaridan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zgarish ham sezilarli. Husanovning «Chelsi»ga qarshi debyuti vaqtida Reddit’dagi r/soccer muhokamasida ko‘plab foydalanuvchilar futbolchini masxara qilishdan ko‘ra unga achingan. Eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan izohlardan birida u «yig‘lab yuborish arafasida» ko‘ringani yozilgan. Boshqa foydalanuvchilar esa yosh futbolchining bundan yomonroq start qilishi qiyin ekanini qayd etishgan.

2026-yilga kelib «Manchester Siti» muxlislari forumlaridagi kayfiyat ancha boshqacha.

Iyul oyidagi boshqa bir muhokamada esa muxlislardan biri hatto «AK45 for Dias any day» – ya’ni Husanovni Ruben Dias o‘rnida ko‘rishni istashini yozdi. Boshqa foydalanuvchi «Siti»da Husanov, Dias, Mark Gehi va Yoshko Gvardiol borligini «yaxshi muammo» deb atadi.

Albatta, Reddit izohlari barcha angliyalik muxlislarning fikrini anglatmaydi. Ammo ular Husanovga nisbatan kayfiyat qayerga qarab o‘zgarganini ko‘rsatadi: avval unga imkon berish kerakligi aytilgan bo‘lsa, endi bahs uning asosiy tarkibda kimdan oldin o‘ynashi haqida ketmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Abduqodir Husanovning boyligi haqida yozgan edi.

Shuningdek