
Samsung Galaxy S26 Ultra 2026-yilning ikkinchi choragida dunyo bo‘yicha eng ko‘p sotilgan Android smartfoniga aylandi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Counterpoint Research ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning aprel–iyun oylarida global smartfon bozorida Apple va Samsung modellari yetakchilik qilgan. Galaxy S26 Ultra Android qurilmalari orasida eng yuqori natijani qayd etgan.
Umumiy reytingda birinchi o‘rinni iPhone 17 egallagan. Keyingi o‘rinlardan iPhone 17 Pro Max va iPhone 17 Pro joy olgan. Galaxy S26 Ultra esa to‘rtinchi pog‘onada qayd etilgan.
Samsung top-10 talikdan beshta o‘rin oldi

Samsung uchun chorak natijalari umuman olganda muvaffaqiyatli bo‘lgan. Dunyo bo‘yicha eng ko‘p sotilgan o‘nta smartfonning beshtasi kompaniya mahsulotlariga to‘g‘ri kelgan.
Galaxy S26 Ultra’dan tashqari, reytingga Galaxy A07, Galaxy A17 5G, Galaxy A17 4G va Galaxy S26 ham kirgan.
Ular mos ravishda beshinchi, oltinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi o‘rinlarni egallagan.
Shu tariqa, Samsung nafaqat flagman segmentida, balki nisbatan arzon Galaxy A liniyasida ham kuchli talabni saqlab qolgan.
Galaxy S26 Ultra avvalgi modeldan yaxshiroq sotildi
Counterpoint Research qayd etishicha, Galaxy S26 Ultra 2026-yilning ikkinchi choragida o‘tgan yilgi Galaxy S25 Ultradan yaxshiroq sotilgan.
Bundan tashqari, Ultra modeli butun Galaxy S26 seriyasi savdosining yarmidan ko‘prog‘ini ta’minlagan.
Bu natija xaridorlar orasida Samsung’ning eng qimmat flagman modeliga talab yuqori bo‘lib qolayotganini ko‘rsatadi.
Galaxy A seriyasi nega ommabop bo‘lib qolmoqda
Counterpoint Research Galaxy A modellari muvaffaqiyatini ularning nisbatan arzon narxi, ko‘plab bozorlarda mavjudligi va narx–imkoniyat nisbatining kuchliligi bilan izohlagan.
Reytingga kirgan Galaxy A seriyasidagi barcha smartfonlar kamida olti yil dasturiy yangilanishlar bilan ta’minlanishi ham bu qurilmalarning jozibadorligini oshirayotgan omillardan biri sifatida qayd etilgan.
Shu sabab Samsung 2026-yilning ikkinchi choragida premium va ommaviy segmentlarda bir vaqtning o‘zida kuchli pozitsiyani saqlab qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S27 Pro tasvirlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.