
Xiaomi hali rasman taqdim etilmagan Xiaomi 18 Fold bukiluvchi flagmanining kamera imkoniyatlarini ilk bor namoyish etdi. Kompaniya rahbari Lu Veybin Weibo‘da yangi smartfonda olingan suratlar to‘plamini e’lon qildi.
U foydalanuvchilarga suratlar orasidan eng yoqqanini tanlashni taklif qilgan. Shu tariqa, kompaniya 7-sentabrga rejalashtirilgan rasmiy taqdimotdan oldin Xiaomi 18 Fold kamerasining imkoniyatlarini ommaga ko‘rsatdi.
Xiaomi 18 Fold uchta Leica kamerasi bilan chiqadi
Avvalroq Lu Veybin Xiaomi 18 Fold’ning asosiy kamera konfiguratsiyasini ham oshkor qilgan edi. Smartfon Leica bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan uchta kamera moduliga ega bo‘ladi.
Asosiy kamera 200 Mp aniqlikdagi, 1/1,56 dyuymli sensor bilan jihozlanadi. Unda Leica Summilux optikasidan foydalaniladi.

Ikkinchi modul 50 Mp periskop telekamera bo‘lib, 3,5 karra optik yaqinlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Yana bir 50 Mp kamera esa ultra keng burchakli suratga olish uchun mo‘ljallangan.
Bunday kamera tizimi oddiy kadrlar bilan bir qatorda uzoqdagi obyektlar, portretlar va keng manzaralarni suratga olish imkonini berishi kutilmoqda.
Birinchi suratlar taqdimotdan oldin e’lon qilindi
Xiaomi tomonidan e’lon qilingan namunaviy suratlar smartfonning kamera tizimi real sharoitda qanday ishlashini ko‘rsatishga qaratilgan.

Kompaniya hozircha barcha kamera funksiyalari, video yozish imkoniyatlari va tasvirni qayta ishlash algoritmlari haqida to‘liq ma’lumot bermagan. Bu tafsilotlar 7-sentabrdagi rasmiy taqdimotda ochiqlanishi kutilmoqda.
Akkumulyator sig‘imi 6000 mA/soat bo‘ladi
Xiaomi 18 Fold nafaqat kamera, balki akkumulyator bo‘yicha ham kuchli xususiyatlarga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon 6000 mA/soat sig‘imli Xiaomi Jinshajiang akkumulyatori bilan jihozlanadi. Batareyaning ko‘p qatlamli yangi konstruksiyasi katta sig‘imni yupqa va yengil bukiluvchi korpus ichiga joylashtirish imkonini beradi.
Akkumulyatorning energiya zichligi 920 Vt/soat/litrga yetishi, tarkibidagi kremniy ulushi esa 20 foizga oshirilishi aytilmoqda.

Taqdimot 7-sentabrda o‘tkaziladi
Xiaomi kuzgi yirik taqdimotini 7-sentabr kuni Xitoyda o‘tkazishini rasman ma’lum qilgan. Tadbirning asosiy yangiliklaridan biri aynan Xiaomi 18 Fold bo‘ladi.
Shu tariqa yangi bukiluvchi flagman Apple’ning 9-sentabrga kutilayotgan taqdimotidan ikki kun oldin namoyish etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi 18 Fold smartfoni qachon taqdim etilishi haqida yozgan edi.