
FIFA Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqini tashkilot va uning rahbariyatiga qarshi «obro‘sizlantirish kampaniyasi» olib borishda aybladi. Bu haqda BBC ma’lum qildi.
Mojaro FIFA prezidenti Janni Infantinoning Jahon chempionati bilan bog‘liq tijoriy aktivlarning bir qismini xususiy investorlarga sotish bo‘yicha amalga oshmay qolgan rejasi ortidan kuchaydi.
UEFA avvalroq AQSh sudiga murojaat qilib, Shveysariyada ehtimoliy jinoiy ish yuritilishi doirasida FIFAga tegishli hujjatlar va dalillarni oshkor qilishni so‘ragan edi. FIFA esa yangi sud hujjatlarida ushbu talabni kechiktirish yoki rad etishni so‘radi.
UEFA Infantinoni nimada ayblamoqda
Mojaro FIFA Forward Enterprise — FFE deb nomlangan loyiha bilan bog‘liq. UEFA mazkur tashabbus yuzasidan Janni Infantinoni «jinoiy noto‘g‘ri boshqaruv» va bitimni bozor qiymatidan past narxda ilgari surishda ayblagan.
Yevropa futbol tashkiloti fikricha, reja FIFAning tijoriy aktivlari, jumladan Jahon chempionati bilan bog‘liq huquqlarning qiymatini yetarlicha baholamagan bo‘lishi mumkin.
UEFA yuristlari Jahon chempionati bilan bog‘liq aktivlar taxminan 15 mlrd funtga baholanganini qayd etib, bu narx ochiq raqobatli savdo yoki mustaqil baholash natijasida shakllanmaganini bildirgan.
Shuningdek, UEFA Infantino bu masalani FIFA rahbariyatining tegishli organlari bilan yetarlicha muhokama qilmaganini da’vo qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri JCh vaqtida Ronaldu va Messiga suiqasd uyushtirilgani haqida yozgan edi.