
Onix va Tracker avtomobillarining gaz taqsimlash mexanizmida zanjir o‘rniga tasma qo‘llanilishi haydovchilar orasida ko‘plab savollar tug‘dirgan. «O‘zavtosanoat» AJ videoda ushbu yechimning sabablari va tasma bilan zanjir o‘rtasidagi asosiy farqlarni tushuntirdi.
Zanjir uzoq xizmat qiladi, ammo kamchiliklari ham bor
Ko‘pchilik GTM tizimida zanjirni ishonchliroq deb hisoblaydi. Metall zanjir odatda uzoq muddat xizmat qilishga mo‘ljallangan va tasma materialiga xos tabiiy eskirish jarayoni unga kamroq ta’sir qiladi.
Biroq zanjirli mexanizm og‘irroq va konstruksiyasi murakkabroq bo‘ladi. Bundan tashqari, u dvigatel ishlayotgan vaqtda ko‘proq shovqin va mexanik qarshilik hosil qilishi mumkin.
Tasma esa yengilroq bo‘lib, ishqalanishdagi yo‘qotishlari kamroq. Bu esa zamonaviy dvigatellarda umumiy samaradorlikni oshirishga yordam beradi.
Onix va Tracker’da oddiy tasma emas, «wet belt» ishlatiladi
«O‘zavtosanoat» ma’lumotiga ko‘ra, Onix va Tracker avtomobillarida oddiy rezina tasma emas, balki motor moyi ichida ishlashga mo‘ljallangan «wet belt» tizimi qo‘llanilgan.
Mazkur yechim tasmaning yengilligi va kam shovqin bilan ishlash xususiyatlarini saqlab qolgan holda, GTM mexanizmini ixcham va samarali qilish imkonini beradi.
Moy sifati muhim ahamiyatga ega
«Wet belt» tizimining o‘ziga xos talablari ham mavjud. Moy ichida ishlaydigan tasma motor moyining sifati va uning o‘z vaqtida almashtirilishiga sezgir hisoblanadi.

Shu sababli ishlab chiqaruvchi talablariga mos motor moyidan foydalanish hamda belgilangan texnik xizmat muddatlariga rioya qilish muhim. Moy sifati yoki xizmat ko‘rsatish oralig‘iga e’tiborsizlik tizimning ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Tasma faqat arzonligi uchun tanlanmagan
«O‘zavtosanoat» ta’kidlashicha, Onix va Tracker’da tasmaning qo‘llanilishi faqat uning zanjirdan arzonroq ekani bilan bog‘liq emas.
Bu qaror dvigatel og‘irligi, shovqin darajasi, mexanik yo‘qotishlar va samaradorlik o‘rtasidagi muhandislik muvozanatiga asoslangan. Shu bilan birga, tasma ham, zanjir ham o‘z afzalliklari va texnik xizmat bo‘yicha alohida talablariga ega.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet yana bir avtomobiliga chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.