
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Hindistonning Bangalor shahrida o‘tayotgan Tech Mahindra Global Chess League – 2026 turnirida Bankable Player of the Day mukofotiga sazovor bo‘ldi.
FYERS American Gambits safida ishtirok etayotgan Sindarov ushbu sovrinni turnirning sakkizinchi, ya’ni so‘nggi uchrashuvidagi o‘yini uchun qo‘lga kiritdi.
Sindarov Vashye-Lagravni mag‘lub etdi
Hal qiluvchi bahsda FYERS American Gambits jamoasi CheQ Mumba Masters bilan kuch sinashdi. Sindarov birinchi taxtada fransiyalik Maksim Vashye-Lagravga qarshi o‘ynadi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi raqibini 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Biroq uning g‘alabasi jamoaga umumiy uchrashuvda muvaffaqiyat keltirmadi. FYERS American Gambits CheQ Mumba Masters’ga 6:11 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Asaubayeva durang qayd etdi
FYERS American Gambits tarkibida qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisara Asaubayeva ham qatnashmoqda. U hindistonlik Harika Dronavalli bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Turnirning mukofot jamg‘armasi $1 mln
Tech Mahindra Global Chess League – 2026 musobaqasining to‘rtinchi mavsumi 5-sentabr kuni boshlangan va 14-sentabrda final uchrashuvi bilan yakunlanadi.
Turnirda dunyoning yetakchi shaxmatchilari jamlangan oltita jamoa qatnashmoqda. Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi $1 mlnni tashkil qiladi. G‘olib jamoa esa $250 ming mukofot oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bibisara Assaubayeva Sindarov u bilan hazillashganini aytgani haqida yozgan edi.