
«Manchester Siti» himoyachisi Rayan Ait-Nurining «Manchester Yunayted»ga o‘tishi amalga oshmadi. Bu haqda Vesti.kz nashri xabar bermoqda.
«Yunayted» futbolchini ijaraga olmoqchi bo‘lgan
«Manchester Yunayted» transfer oynasi yopilishidan oldin chap qanot himoyasini kuchaytirish maqsadida Rayan Ait-Nuriga qiziqish bildirgan. BBC Sport ma’lumotiga ko‘ra, klub 25 yoshli futbolchini doimiy transfer asosida sotib olishni rejalashtirmagan va faqat ijara variantini ko‘rib chiqqan.
«Manchester Siti» esa futbolchini oddiy ijara asosida qo‘yib yuborishga rozi bo‘lmagan. Klub ijara shartnomasida keyinchalik Ait-Nurini majburiy sotib olish bandi bo‘lishini talab qilgan. «Manchester Yunayted» bu shartni qabul qilmagach muzokaralar yakunlangan.
Transfer insayderi Fabritsio Romano ham o‘sha kuni Ait-Nuri transfer bozorida mavjud emasligini va uning «Manchester Yunayted»ga o‘tishi kutilmayotganini bildirgan.
Ait-Nuri «Siti»da qoladi
Ait-Nuri «Manchester Siti» safiga 2025-yil yozida «Vulverhempton»dan kelib qo‘shilgan. Jazoir terma jamoasi futbolchisining klub bilan amaldagi shartnomasi 2030-yil yozigacha mo‘ljallangan.
Britaniya OAVlarining yozishicha, «Siti» yozgi transfer oynasida futbolchilarini shahardagi asosiy raqiblaridan biriga berishga ham qiziqish bildirmagan.
Husanov ham «Manchester Siti» himoyasida o‘ynaydi
«Manchester Siti» himoya chizig‘ida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Abduqodir Husanov ham to‘p tepmoqda. Ait-Nuri, asosan, chap qanotda harakat qilsa, Husanov markaziy va o‘ng qanot himoyachisi sifatida foydalanilishi mumkin.
Shu bois Ait-Nurining «Etihad»da qolishi Husanovning klubdagi kelajagiga bevosita bog‘liq transfer sifatida qaralmaydi.
Avvalroq «Kursiv» Husanov «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda zaxirada qolgani haqida yozgan edi.