Javohir Sindarov qatnashadigan shaxmat toji uchun mukofot jamg‘armasi ma’lum bo‘ldi

15-sentabr 2026 11:44 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Foto: instagram

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov amaldagi jahon chempioni Gukesh D bilan 2026-yilgi FIDE jahon chempionligi uchun dona suradi. Uchrashuvning umumiy mukofot jamg‘armasi $2,5 mlnni tashkil etadi.

FIDE ma’lumotiga ko‘ra, jahon chempionligi uchun bahs 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahridagi Fondation Martin Bodmer majmuasida o‘tkaziladi.

Sindarov tarixiy natijaga erishdi

Javohir Sindarov 2026-yilgi FIDE Da’vogarlar turnirida g‘olib chiqib, jahon chempionligi uchun o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi.

U turnirni mag‘lubiyatsiz yakunlab, 14 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘argan. Bundan avval Sindarov 2025-yilgi FIDE Jahon kubogida ham g‘olib bo‘lgan.

Shu tariqa u O‘zbekiston tarixida mutlaq jahon chempioni unvoni uchun bahsga chiqqan birinchi shaxmatchiga aylandi.

O‘yin boshlanganda Sindarov ham, Gukesh ham 20 yoshda bo‘ladi. FIDE qayd etishicha, bu jahon chempionligi tarixidagi eng yosh final bahsi bo‘ladi.

Shuningdek, o‘qing: Sindarov Global Chess League’da birinchi doskada eng yaxshi natijani qayd etdi

Mukofot jamg‘armasi $2,5 mln

Umumiy mukofot jamg‘armasi $2,5 mln etib belgilangan. Standart taqsimotga ko‘ra, har bir g‘alaba uchun shaxmatchiga $200 mingdan beriladi. Qolgan mablag‘ esa ikki ishtirokchi o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Agar uchrashuv tay-brekda hal qilinsa, g‘olib $1,3 mln, ikkinchi o‘rinni olgan shaxmatchi esa $1,2 mln oladi. Ayrim klassik natija ssenariylarida ham mukofot aynan $1,3 mln va $1,2 mln nisbatida taqsimlanadi.

Bahs 14 partiyagacha davom etadi

Jahon chempionligi uchun bahs maksimal 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko jamg‘argan shaxmatchi jahon chempioni bo‘ladi.

Birinchi partiya 24-noyabrda, so‘nggi rejalashtirilgan klassik partiya esa 11-dekabrda o‘tkaziladi. Agar hisob 7:7 bo‘lsa, 12-dekabr kuni tezkor va blits tay-breklar orqali chempion aniqlanadi.

Shuningdek, o‘qing: Sindarovga Olimpiada mash’alasi topshirildi: olov Samarqandga olib kelinadi

Gukesh ilk bor unvonini himoya qiladi

Hindistonlik Gukesh D 2024-yilda Ding Lirenni 7,5:6,5 hisobida mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘lgan edi.

Jenevadagi bahs uning jahon chempioni sifatidagi ilk unvon himoyasi bo‘ladi. Sindarov esa ushbu o‘yinda O‘zbekiston nomidan tarixiy natija uchun kurashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Javohir Sindarov va Bibisara Assaubayeva O‘zbekistonga kelgani ma’lum qilingandi. Bibisara Assaubayeva Toshkentga kelganini Instagram sahifasida ma’lum qildi. U O‘zbekiston poytaxtidan bir nechta suratlarni e’lon qilgan.

Shuningdek