
O‘zbekistonda avgust oyida 37 798 dona avtomobil sotildi. Bu iyul oyiga nisbatan 20,4 foizga ko‘p, biroq 2025-yil avgustiga nisbatan 17,2 foizga kam. Bu haqda O‘zbekiston avtomobil biznesi assotsiatsiyasi ma’lum qildi.
Avgustda sotuvlar tiklandi
Avgust oyida mamlakatda 37 798 dona avtomobil sotilgan. Iyul oyida bu ko‘rsatkich 31,4 ming dona atrofida bo‘lgan edi. Shu tariqa bir oy ichida savdo 20,4 foizga oshdi.
Biroq yillik taqqoslashda bozor hali ham pasayishda. 2025-yil avgust oyida O‘zbekistonda 45 625 dona avtomobil sotilgan bo‘lsa, joriy yil avgustida bu ko‘rsatkich 17,2 foizga kam bo‘ldi.
2026-yilning yanvar – avgust oylarida esa jami 248 711 dona yengil avtomobil sotildi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi 264 402 donaga nisbatan 5,9 foizga kam.
Chevrolet katta farq bilan yetakchi
Avgust oyida Chevrolet 27 902 dona avtomobil bilan bozorda mutlaq yetakchi bo‘ldi.
Undan keyingi o‘rinlarni BYD – 4 123 dona, Kia – 2 728 dona, Haval – 878 dona va Chery – 732 dona natija bilan egalladi.
Shuningdek, Nevo brendining 210 dona, Geely’ning esa 201 dona avtomobili sotilgan.
Cobalt savdosi bir oyda ikki baravardan ko‘proq oshdi
O‘zbekistonda eng ko‘p sotilgan avtomobil Chevrolet Cobalt bo‘lib qolmoqda. Avgust oyida ushbu modeldan 12 245 dona sotilgan.

Iyul oyida Cobalt savdosi 5 864 dona bo‘lgan edi. Demak, bir oy ichida model savdosi 108,8 foizga oshgan.
Avgust oyidagi umumiy avtomobil savdosining qariyb uchdan bir qismi Cobalt hissasiga to‘g‘ri kelgan. Modelning bozor ulushi 32,3 foizni tashkil etdi.
Qaysi segmentlarda pasayish kuchliroq bo‘ldi
Segmentlar kesimida eng katta pasayish A toifasida qayd etilgan – 69,5 foiz. E/F segmentida savdo 61,3 foizga, MPV’da 29,6 foizga, LCV’da 18,2 foizga, B segmentida esa 15,3 foizga kamaygan. Shu bilan birga, ayrim krossover va SUV segmentlarida sezilarli o‘sish kuzatilgan.
SUV-E segmenti qariyb uch baravar o‘sdi
Eng yuqori ijobiy dinamika SUV-E segmentida qayd etildi. Ushbu toifadagi savdo o‘tgan yilga nisbatan 196,7 foizga oshgan.
SUV-D segmentida o‘sish 26,1 foizni, C segmentida 25,3 foizni, SUV-C’da esa 14,6 foizni tashkil etdi. Bu natijalar xaridorlar qiziqishi ayrim an’anaviy sedan segmentlaridan krossover va SUV modellari tomon siljiyotganini ko‘rsatmoqda.
Avtomobil ishlab chiqarish ham oshgan
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar – iyul oylarida O‘zbekistonda 263,7 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.
Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,6 ming donaga yoki 9,4 foizga ko‘p. Shu davrda UzAuto Motors 185 817 dona, ADM Jizzakh 27 704 dona, BYD esa 17 765 dona avtomobil ishlab chiqargan.
Avvalroq «Kursiv» Onix va Tracker haqida yangi ma’lumot e’lon qilingani haqida yozgan edi.