
Dongfeng kompaniyasining premium Voyah brendi yangi flagman miniveni Voyah Dream 9 modelini 22-sentabr kuni rasman bozorga chiqaradi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Avtomobil uchun dastlabki buyurtmalar allaqachon boshlangan bo‘lib, narxi 429,9 ming yuandan 529,9 ming yuangacha, ya’ni taxminan $63,2 mingdan $77,9 minggacha etib belgilangan. Dastlabki 48 soat ichida 30 mingdan ortiq qaytariladigan buyurtma rasmiylashtirilgan.
701 km gacha yurish zaxirasi
Voyah Dream 9 ikki xil kuch qurilmasi bilan taklif etiladi. PHEV versiyasida 1,5 litrli turbo dvigatel va ikkita elektromotor ishlaydi. Tizimning umumiy quvvati 555 kVt yoki 744 ot kuchini tashkil qiladi. 65 kVt·soatlik batareya avtomobilga WLTC sikli bo‘yicha faqat elektr quvvatida 300 km gacha yurish imkonini beradi.
To‘liq elektr BEV versiyasida old va orqa elektromotorlar mos ravishda 175 va 300 kVt quvvat beradi. 120 kVt·soatlik batareya bilan model CLTC sikli bo‘yicha 701 km, WLTP bo‘yicha esa 568 km gacha masofa bosib o‘tishi mumkin.
12 daqiqada 80 foizgacha quvvatlanadi
Dream 9 barcha versiyalarida 800 voltli yuqori kuchlanish platformasiga ega. 5C tezkor quvvatlash texnologiyasi batareyani 20 foizdan 80 foizgacha 12 daqiqada to‘ldirish imkonini beradi.
Avtomobil Voyah tomonidan flagman minivenlar uchun ishlab chiqilgan «Huju P» aqlli shassisiga ega birinchi model sifatida taqdim etilmoqda.
Salonida «aviatsiya» o‘rindiqlari bor
Model saloni HarmonySpace6 multimedia va boshqaruv tizimiga asoslangan. Ikkinchi qatorda «zero-gravity» rejimiga ega o‘rindiqlar, mexanik massaj funksiyasi va o‘rindiqlarni bir-biriga qarama-qarshi aylantirish imkoniyati mavjud. Shuningdek, salonda muzlatkich, buklanuvchi ekranlar va stollar o‘rnatilgan. Ikkinchi va uchinchi qator oynalari yorug‘likni avtomatik xiralashtirish funksiyasiga ega.
Dream 9 37 ta sensor bilan jihozlangan. Ular orasida bitta 896 qatorli LiDAR va uchta yuqori aniqlikdagi qattiq jismlik LiDAR mavjud. Ushbu uskunalar Huawei Qiankun ADS 5.0 haydovchiga yordam tizimining ishlashini ta’minlaydi.
Uzunligi 5,3 metrdan oshadi
Voyah Dream 9 uzunligi 5 325 mm, eni 1 998 mm va balandligi 1 805 mmni tashkil qiladi. G‘ildirak bazasi 3 200 mmga teng. Model vertikal xrom panjara, yoritiladigan qayta yig‘iladigan kapot bezagi va Huawei Xpixel proyeksion faralari bilan jihozlangan.
Avtomobilning orqa g‘ildiraklari ham 10 gradusgacha burila oladi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, bu 5,3 metrdan uzun minivenning manevrchanligini oshirishga xizmat qiladi.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Bolt yil avtomobili mukofotiga da’vogar bo‘lgani haqida yozgan edi.