
BAIC tarkibidagi Arcfox brendi yangi Arcfox Alpha T7 krossoverini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Model sotuvga chiqarilganidan atigi bir soat o‘tib, unga 30 mingdan ortiq tasdiqlangan buyurtma tushdi.
Bir quvvatlashda 715 kmgacha yuradi
Arcfox Alpha T7 uzunligi 5 020 mm, eni 1 996 mm va balandligi 1 685 mm bo‘lgan yirik krossover hisoblanadi. G‘ildirak bazasi 3 040 mmni tashkil etadi.

Elektromobil versiyasi 800 voltli yuqori kuchlanishli platforma va 227 kVt, ya’ni 304 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. CATL’ning 72,8 yoki 84,8 kVt/soatli batareyalari bilan model CLTC sikli bo‘yicha mos ravishda 650 va 715 km masofa bosib o‘tishi mumkin. Tezkor quvvatlash orqali 10 daqiqada 270 km yurishga yetadigan energiya zaxirasini to‘ldirish mumkin.
Texnik imkoniyatlar

Yurish zaxirasi uzaytirilgan versiyada esa 1,5 litrli benzin dvigateli va 200 kVt quvvatli elektromotor ishlatiladi. 43,9 kVt·soatli batareya bilan avtomobil faqat elektrda 320 km, umumiy hisobda esa 1 315 kmgacha masofa bosib o‘tishi mumkin.
Salon 17,3 dyuymli 3K markaziy ekran hamda 43,3 dyuymli proyeksion displey bilan jihozlangan. Modelda 5G, sun’iy intellekt asosidagi ovozli boshqaruv, Huawei HiCar va Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, Huawei Qiankun ADS 5 haydovchiga ko‘maklashish tizimi va 27 ta sensor o‘rnatilgan.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Tahoe 2027 avtomobilini qanday tanlash kerakligi haqida yozgan edi.