
Samsung Android 17 asosidagi One UI 9.0 barqaror versiyasini rasman tarqatishni boshladi. Yangilanishni birinchi bo‘lib Galaxy S26, Galaxy S26+ va Galaxy S26 Ultra modellari olmoqda.
Kompaniya One UI 9.0 beta dasturi yakunlanganini e’lon qilganidan so‘ng, yangilanish avval sinov dasturida qatnashgan Galaxy S26 foydalanuvchilariga yetkazila boshlandi. Endi barqaror versiya qolgan Galaxy S26 seriyasi qurilmalariga ham bosqichma-bosqich tarqatiladi.
Boshqa Galaxy modellari ham yangilanadi
Samsung One UI 9.0 beta dasturini Galaxy A25, A35, A36, A37, A55, A56 va A57 modellari uchun ham ishga tushirgan. Shuningdek, Galaxy S23, S24 va S25 seriyalari hamda Galaxy Z Flip 6, Z Flip 7, Z Fold 6 va Z Fold 7 bukiluvchi smartfonlari ham dasturga kiritilgan.
Ushbu qurilmalar One UI 9.0’ning barqaror versiyasini kelgusi haftalarda olishi kutilmoqda.
One UI 9 qanday yangiliklar olib keladi
One UI 9.0 Android 17 operatsion tizimiga asoslangan. Yangilanish interfeys dizaynida bir qator kichik o‘zgarishlar va yangi funksiyalarni taqdim etadi.
Quick Panel’ni moslashtirish imkoniyatlari kengaytirilgan, Samsung DeX’da bir nechta monitor bilan ishlash va oynalarni boshqarish yaxshilangan.
Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy S27 qanday xotira bilan chiqishi haqida yozgan edi.