
Samsung Galaxy S27 seriyasi uchun tasvirlarni qayta ishlashning yangi tizimini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Schrodinger ma’lum qildi.
Kamera sun’iy intellekt bilan real vaqt rejimida ishlaydi
Gap suratga olinganidan keyin bajariladigan oddiy post-processing haqida emas. Samsung neyron algoritmlari va apparat darajasidagi tasvirni qayta ishlash vositalarini yagona tizimga birlashtirmoqchi.
Bunday yondashuv kamera ishlayotgan paytning o‘zida sun’iy intellekt algoritmlariga tasvir sensori va protsessor imkoniyatlari bilan birgalikda ishlash imkonini berishi kutilmoqda.
Video sifati 50 foizgacha yaxshilanishi mumkin
Manbaga ko‘ra, Visual Mapping texnologiyasi ketma-ket olingan bir nechta kadrni birgalikda tahlil qiladi. Shu orqali tizim har bir videokadrni alohida qayta ishlash o‘rniga sahnadagi vaqt davomida yuz berayotgan o‘zgarishlarni ham hisobga oladi.
Samsung ishlab chiqish jarayonida Galaxy S26 Ultra bilan taqqoslaganda video sifatini 50 foizgacha, kam yorug‘likdagi suratga olish sifatini esa 60 foizgacha yaxshilashni maqsad qilgan.
Biroq bu ko‘rsatkichlar hozircha kompaniyaning ichki maqsadlari hisoblanadi. Ular Galaxy S27 Ultra’ning yakuniy seriyali versiyasida aynan shunday natija berishi kafolatlanmagan.
Yangi texnologiyalar Galaxy S27 Pro’da ham bo‘ladi
Neural Imaging va Visual Mapping faqat Galaxy S27 Ultra uchun mo‘ljallanmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular Galaxy S27 Pro modelida ham ishlatiladi.
Yangi tizim ayniqsa video olish, tungi suratlar, hisoblash asosidagi zum va telefoto kameralar imkoniyatlarini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» Samsung Galaxy S26 uchun sentabrdagi muhim yangilanish tarqatila boshlangani haqida yozgan edi.