
Markaziy Osiyo davlatlarida prezidentlarning turmush o‘rtoqlari jamoat hayotida turlicha rol o‘ynaydi. O‘zbekiston va Qirg‘izistonda birinchi xonimlar xayriya, ekologiya, sog‘liqni saqlash va ta’lim loyihalarida faol qatnashadi. Tojikistonda prezident rafiqasi kamdan-kam ko‘rinish beradi, Qozog‘istonda esa amaldagi birinchi xonim yo‘q. Turkmaniston prezidentining rafiqasi haqida ochiq rasmiy ma’lumot juda cheklangan. Kursiv Uzbekistan prezident rafiqalarining jamoatdagi faoliyatini o‘rgandi.
O‘zbekiston — Ziroat Mirziyoyeva

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva «Zamin» xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashiga raislik qiladi. Fondning asosiy yo‘nalishlari ekologiya, ijtimoiy loyihalar va xayriya hisoblanadi.
Ziroat Mirziyoyeva so‘nggi yillarda bolalar salomatligi, inklyuziv ta’lim, ekologiya va iqlim masalalariga bag‘ishlangan loyihalarda faol qatnashmoqda. Masalan, Zamin fondi bolalar onkologiyasi va gematologiyasini rivojlantirish, eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda maktablarda toza ichimlik suvi va sanitariya sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirmoqda.
Shuningdek, birinchi xonim Markaziy Osiyo yoshlarini iqlim masalalariga jalb qilish va ekologik ta’limni rivojlantirish tashabbuslarida ham ishtirok etmoqda.
Qirg‘iziston — Aygul Japarova

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning rafiqasi Aygul Japarova mamlakatda birinchi xonim sifatida faol jamoat ishlarini olib boradi.
Aygul Japarova «Ene-balaga tirek» – «Ona va bolaga tayanch» jamoat fondiga rahbarlik qiladi. Fond ona va bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sifatini yaxshilash bilan birga ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, madaniyat, iqtisodiy farovonlik va inson huquqlari yo‘nalishlarida loyihalar yuritadi.
U xalqaro ayollar forumlari, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar tadbirlarda ham ishtirok etadi. 2026-yilda ham Japarova prezident bilan birga bolalar markazining ochilishida qatnashgan.
Tojikiston — Azizmo Asadullayeva

Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning rafiqasi Azizmo Asadullayeva mamlakatning birinchi xonimi sifatida tilga olinadi. Biroq uning faoliyati O‘zbekiston yoki Qirg‘iziston birinchi xonimlarinikiga qaraganda ancha yopiq. Ochiq manbalarda uning muntazam faoliyat yuritadigan alohida fondi yoki keng jamoatchilikka taqdim etilgan doimiy dasturlari haqida ma’lumot kam.
Azizmo Asadullayeva ommaviy tadbirlarda kam qatnashadi va prezident Rahmonga xorijiy safarlarda ham kamdan-kam hamrohlik qiladi. Shu sabab uning hozirgi jamoat faoliyatini aniq yo‘nalishlarga ajratish qiyin. Ochiq manbalarda u ko‘proq prezident oilasining vakili va birinchi xonim sifatida tilga olinadi.
Qozog‘iston — amaldagi birinchi xonim yo‘q

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning sobiq rafiqasi Nadejda Tokayeva. Prezidentning tarjimai holida uning oilaviy holati «ajrashgan» deb ko‘rsatilgan.
Nadejda Tokayeva avval Jenevada BMT Ayollar gildiyasining faxriy prezidenti sifatida faoliyat olib borgan, biroq hozir Qozog‘iston birinchi xonimi maqomida emas.
Turkmaniston — prezident rafiqasi haqida ma’lumot ochiqlanmagan
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning rafiqasi haqidagi ma’lumotlar yopiq. Uning ismi va jamoat faoliyati ishonchli rasmiy ochiq manbalarda muntazam e’lon qilinmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ziroat Mirziyoyeva Koreya Milliy saroy muzeyiga borgani ma’lum qilingandi.