Li Auto dunyodagi eng aerodinamik seriyali SUVni taqdim etdi

18-sentabr 2026 11:23 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Li Auto dunyodagi eng aerodinamik seriyali SUVni taqdim etdi
Foto: Li Auto

Xitoyning Li Auto kompaniyasi yangi flagman elektromobili – Li i9’ni rasman taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Modelning Xitoydagi narxi 369,8 ming yuan, ya’ni qariyb $54,4 mingdan boshlanadi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, avtomobilning aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,215 Cd bo‘lib, bu uni dunyodagi eng aerodinamik seriyali SUV’ga aylantiradi.

500 km zaxira 10 daqiqada to‘ldiriladi

Li i9 101 kVt·soat sig‘imli 5C turidagi uch komponentli litiy batareya bilan jihozlangan. CLTC sikli bo‘yicha avtomobil bir quvvatlashda 705 km masofani bosib o‘ta oladi.

Tezkor quvvatlash tizimi yordamida 10 daqiqada 500 km yurishga yetadigan energiya zaxirasini to‘ldirish mumkin.

Foto: Li Auto

Elektromobil ikkita motor va to‘liq uzatma tizimiga ega. Ularning umumiy quvvati 400 kVt yoki 536 ot kuchini, maksimal aylantiruvchi moment esa 660 Nm’ni tashkil qiladi. Li i9 0 dan 100 km/soatgacha 4,9 soniyada tezlashadi.

Salonni «mehmonxona»ga aylantirish mumkin

Modelning uzunligi 5 225 mm, kengligi 1 970 mm, balandligi 1 752 mm, g‘ildirak bazasi esa 3 168 mm’ni tashkil etadi. Rul boshqaruvi sim orqali ishlaydi, orqa g‘ildiraklar ham burila oladi. Shu sababli 5 metrdan uzun avtomobilning minimal burilish diametri atigi 10,6 metrga teng.

Salon to‘rtta «zero gravity» o‘rindiq bilan jihozlangan. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar ikki yo‘nalishda aylanishi mumkin. Stol bilan birgalikda salonni mehmonxona, yotoqxona, kinoteatr yoki shaxsiy kiyinish xonasiga o‘xshash makonga aylantirish mumkin.

Foto: Li Auto

Shuningdek, avtomobilda 10 litrli sovitish va isitish funksiyasiga ega muzlatkich, 29 ta dinamikli 4 960 Vt quvvatli audio tizim, old qismda 29 dyuymli 6K panoramali ekran va orqa yo‘lovchilar uchun 21 dyuymli 4K displey mavjud.

To‘rtta LiDAR va 1 280 TOPS quvvat

Qo‘shimcha «Embodied Intelligence» paketi ikkita M100 chipi bilan jihozlanadi. Ularning umumiy hisoblash quvvati 1 280 TOPS’ni tashkil etadi. Tizimda to‘rtta LiDAR sensori ham bor.

Mach VLA haydovchi modeli shahar va magistral yo‘llarda avtomatlashtirilgan boshqaruv imkoniyatlarini yaxshilashi kutilmoqda. Xavfsizlik uchun 11 ta xavfsizlik yostiqchasi, 2 000 MPa mustahkamlikdagi kuzov konstruksiyasi va zaxira elektr ta’minoti tizimi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq «Kursiv» Li Auto i9 elektr krossoveri qachon taqdim etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek