
Vivo‘ning V2609A model raqamiga ega yangi smartfoni Geekbench 6.7.1 ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi. Taxminlarga ko‘ra, ushbu qurilma Vivo X500 bo‘lishi mumkin.
Smartfon bir yadroli testda 2 694 ball, ko‘p yadroli sinovda esa 7 770 ball to‘plagan. Qurilma 12 GB tezkor xotiraga ega bo‘lib, Android 17 operatsion tizimi va OriginOS 7 interfeysida ishlaydi.
Vivo X500 yangi Dimensity chipini olishi mumkin
Geekbench ma’lumotlariga ko‘ra, Vivo X500 MediaTek Dimensity 9600M platformasi bilan jihozlanishi kutilmoqda.
Bu chip o‘tgan yilgi Dimensity 9500’ning yangilangan versiyasi bo‘lib, arxitektura va texnologik jarayon bo‘yicha unga yaqin. Shu bilan birga, yangi platformada sun’iy intellekt imkoniyatlari kengaytirilgan.
NPU bloki Gemini Nano 4 hamda Qwen 3.5 Omni 4B modellarini qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda. Shuningdek, suratga olish vaqtida foydalanuvchiga tavsiyalar beruvchi dasturiy yordamchi ham paydo bo‘lishi mumkin.
X500 Pro va X500 Pro Max modellariga esa kuchliroq Dimensity 9600 Pro chipi o‘rnatilishi kutilmoqda. Mazkur platforma 2 nanometrli texnologik jarayonda ishlab chiqarilishi aytilgan.
Akkumulyator sig‘imi 7 500 mA/soat bo‘lishi mumkin
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Vivo X500 taxminan 7 500 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi. Asosiy kamerada esa o‘tgan yilgi Pro modelida ishlatilgan 1/1,28 dyuymli sensor qo‘llanishi mumkin.
Vivo X500 seriyasining rasmiy taqdimoti Xitoyda 21-sentabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hozircha qurilmalarning barcha texnik xususiyatlari rasman e’lon qilinmagan.
Avvalroq «Kursiv» Vivo X500 Pro Max ilk bor rasman namoyish etilgani haqida yozgan edi.