Husanov, Shomurodov, Karimov: Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasining yangi tarkibini e’lon qildi

20-sentabr 2026 13:32 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Manba: O‘FA Telegram-kanali

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro sentabr – oktabr oylaridagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jalb etilgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

Terma jamoa 21-sentabr kuni yig‘inni boshlaydi. Uning doirasida O‘zbekiston Eron, Suriya va Koreya Respublikasiga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Husanov va Shomurodov tarkibda

Darvozabonlar qatoriga «Nasaf»dan Abduvohid Ne’matov va Samandar Muratbayev, «Paxtakor»dan Vladimir Nazarov hamda «Dinamo Samarqand»dan Edem Nemanov jalb etildi.

Himoya chizig‘ida «Manchester Siti» futbolchisi Abduqodir Husanov, «Paxtakor» vakillari Muhammadrasul Abdumajidov, Xojiakbar Alijonov va Sherzod Nasrullayev, shuningdek, «Lugano» safida to‘p tepayotgan Behruzjon Karimov va «Rubin» futbolchisi Jahongir O‘rozov bor.

Yarim himoyaga Umarali Rahmonaliyev, Dostonbek Hamdamov, Akmal Mozgovoy, Azizjon G‘aniyev, Odiljon Hamrobekov, Abbosbek Fayzullayev, Jasur Jaloliddinov va boshqa futbolchilar chaqirilgan.

Hujum chizig‘idan esa Eldor Shomurodov, Azizbek Amonov, Husayn Norchayev va Muhammadali O‘rinboyev joy olgan.

Manba: O‘FA Telegram-kanali

O‘zbekiston uchta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi

Yig‘in davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 24-sentabr kuni Eron bilan uchrashadi. 1-oktabrga Suriya bilan o‘yin belgilangan, 6-oktabr kuni esa jamoa Koreya Respublikasiga qarshi maydonga tushadi.

Mazkur uchrashuvlar Fabio Kannavaro boshchiligidagi terma jamoaning navbatdagi tayyorgarlik bosqichi bo‘ladi.

Besh futbolchi hozir Osiyo o‘yinlarida

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, olimpiya terma jamoasining besh nafar futbolchisi ham ushbu yig‘inga jalb etilgan.

Biroq ular ayni paytda Yaponiyada o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida ishtirok etmoqda. Shu sababli mazkur futbolchilarning milliy terma jamoa yig‘iniga qachon qo‘shilishi ularning turnirdagi ishtirokiga bog‘liq bo‘ladi.

Avvalroq «Kursiv» milliy terma jamoani qanday bahslar kutayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek