
Chevrolet’ning yangi Chevrolet Cruze sedani Yaqin Sharqdagi ayrim bozorlarda brendning eng arzon avtomobiliga aylandi. Model mintaqada sotuvga chiqarilganiga qariyb to‘qqiz oy bo‘ldi.
2026-yilgi Chevrolet Cruze Saudiya Arabistoni, Quvayt, Qatar, Ummon, Iordaniya, Livan va Bahraynda Chevrolet qatorining boshlang‘ich modeli sifatida taklif etilmoqda.
Cruze Chevrolet’ni sedan segmentiga qaytardi
Yangi Cruze Chevrolet’ning Yaqin Sharq sedan bozoriga qaytishini ham anglatadi. Kompaniya avvalgi yillarda mintaqada asosan pikap, SUV va krossoverlarga e’tibor qaratgan edi.

Ishlab chiqaruvchi arzonroq xarid va xizmat ko‘rsatish xarajatlariga ega avtomobillarga talab saqlanib qolayotganini hisobga olib, Cruze’ni yana bozorga olib chiqdi.
Model aslida Xitoyda ishlab chiqariladigan Chevrolet Monza asosida yaratilgan va ayrim Arab davlatlarida Cruze nomi ostida sotilmoqda.
Ikki xil komplektatsiyada taklif etiladi
Chevrolet Cruze LS va LT komplektatsiyalarida sotiladi. Avtomobil besh kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, kundalik foydalanish uchun zarur asosiy jihozlarga ega.
Model 1,5 litrli atmosferali to‘rt silindrli dvigatel bilan jihozlangan. U 113 ot kuchi va 141 Nm atrofida aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi.
Dvigatel olti pog‘onali ikki muftali avtomatik transmissiya bilan ishlaydi.

Narxi taxminan $11,5 mingdan boshlanadi
Cruze’ning Yaqin Sharqdagi asosiy ustunliklaridan biri uning narxi hisoblanadi. Model ayrim bozorlarda joriy kurs bo‘yicha qariyb $11,5 mingdan boshlanadi.
Shunga qaramay, avtomobil xavfsizlik tizimlari va odatda qimmatroq modellarda uchraydigan ayrim texnologiyalar bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobilini yangilagani haqida yozgan edi.