
Yaponiyada o‘tayotgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarining futbol musobaqasida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi guruh bosqichini 100 foizlik natija bilan yakunladi.
22-sentabr kuni Vyetnamga qarshi kechgan uchrashuvda o‘zbekistonlik futbolchilar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Gollarga Muhammadali O‘rinboyev va Nurlan Ibraimov mualliflik qildi.
Uch o‘yin — uch g‘alaba
O‘zbekiston guruh bosqichidagi dastlabki uchrashuvda Filippinni 5:1 hisobida mag‘lub etgandi. Ikkinchi turda esa Kuvayt ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, muddatidan avval chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.
Vyetnam ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin terma jamoa ochkolari sonini 9 taga yetkazdi va C guruhida birinchi o‘rinni kafolatladi.
Shu tariqa Ravshan Haydarov boshchiligidagi jamoa guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, 100 foizlik natija qayd etdi.
Chorak final oldidan
2026-yilgi Osiyo o‘yinlari futbol musobaqasida 16 ta terma jamoa to‘rtta guruhga bo‘lingan. Har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar chorak finalga yo‘l oladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabiga ikki yangi mutaxassis qo‘shilgani haqida xabar bergan edi.