Xiaomi 18 Pro Max modelining shaffof korpusli maxsus versiyasi namoyish etildi

24-sentabr 2026 11:07 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xiaomi 18 Pro Max modelining haffof korpusli maxsus versiyasi namoyish etildi
Foto: ITHome

Xiaomi 18 Pro Max flagmanining shaffof korpusga ega maxsus versiyasi jonli suratlarda namoyish qilindi. Qurilma 16 GB operativ va 1 TB ichki xotira bilan jihozlangan bo‘lib, uning narxi $1,6 ming etib belgilangan.

Model qizil rangdagi shaffof korpus bilan ajralib turadi. Maxsus plyonka orqa panelda hajmli effekt hosil qiladi va smartfonning ichki tuzilishiga o‘xshash stilizatsiya qilingan elementlarni ko‘rsatib turadi.

Komplektda shaffof aksessuarlar ham bor

Maxsus versiya bilan birga qizil rangdagi shaffof quvvatlagich va kabel ham taqdim etiladi.

Shu tariqa Xiaomi qurilmaning nafaqat korpusini, balki aksessuarlarini ham bir xil dizayn uslubida ishlab chiqqan.

Foto: ITHome

Orqa tomonda Magic Screen ekrani bor

Xiaomi 18 Pro Max’ning asosiy xususiyatlaridan biri – orqa paneldagi Magic Screen displeyi. Yangi versiyada bu ekran korpusga yanada tekis integratsiya qilingan. Unda bildirishnomalar, vidjetlar va mini-o‘yinlarni ko‘rsatish mumkin.

AI Versatile Screen funksiyasi esa foydalanuvchiga sun’iy intellekt yordamida shaxsiy kontent va fon rasmlarini yaratish imkonini beradi. Dastlab orqa ekran uchun 100 dan ortiq kartochka taqdim etiladi. Qo‘shimcha AI funksiyalari esa dekabr oxirida paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: ITHome

Asosiy ekran yorqinligi 4000 nitgacha yetadi

Smartfon SuperPixel 2.0 displeyi bilan jihozlangan. Uning maksimal yorqinligi 4 000 nitgacha yetadi.

Ekran BT.2020 rang makonini qo‘llab-quvvatlaydi va LTPO texnologiyasi orqali yangilanish chastotasini 1 dan 120 Gtsgacha avtomatik moslashtira oladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi 18 Pro seriyasi qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek