
Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida qatnashgan Afg‘oniston delegatsiyasining uch a’zosi mamlakatga qaytgach, Kobulda uy qamog‘iga olindi. El País ma’lumotiga ko‘ra, Xaybar Faroziy, Habibulloh Guldust va Habibulloh Aminiy 28-sentabr kuni chegarada ushlangan.
Nashr ushbu shaxmatchilar bilan bevosita bog‘langanini va ularni hibsga olish bo‘yicha rasmiy buyruqlarni ko‘rganini yozmoqda. Ularning pasportlari olib qo‘yilgan, keyinchalik esa Kobulga qaytarilib, uy qamog‘iga joylashtirilgan.
To‘rtinchi shaxmatchi uyiga qaytgan
Samarqand Olimpiadasiga Afg‘onistondan kelgan to‘rt shaxmatchidan yana biri – Mirzaad Sayid Vahobiddin chegaradan muammosiz o‘tib, uyiga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.
Avvalroq El País ushbu to‘rt nafar shaxmatchi Tolibon hukumati roziligisiz mamlakatdan chiqib, Samarqanddagi Olimpiadaga kelgani va qaytganidan keyin ehtimoliy bosimdan xavotir bildirganini yozgan edi.
FIDE diplomatik yordam ko‘rsatishga urinmoqda
El País ma’lumotiga ko‘ra, FIDE uch shaxmatchining vaziyati yuzasidan diplomatik choralar ko‘rmoqda. Masalani Yevroparlamentda ham muhokama qilish tashabbusi ilgari surilgan.
Hozircha shaxmatchilarga qanday jazo qo‘llanishi haqida tasdiqlangan yakuniy ma’lumot yo‘q. El País ularning taqdiri noaniq bo‘lib qolayotganini yozmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqanddagi shaxmat Olimpiadasi qanday yakunlangani bo‘yicha fotoreportaj e’lon qilingandi.