
Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarida tormoz kolodkalarining holatini har 5 000 kilometrda tekshirish tavsiya etiladi. Bu haqda «O‘zavtosanoat» AJ videosida ma’lum qilindi.
Kompaniya ta’kidlashicha, 5 000 kilometr kolodkani almashtirish muddati emas, balki uni tekshirish oralig‘idir.
Tormoz kolodkasi nega yupqalashadi
Tormoz pedali bosilganda kolodkalar aylanayotgan tormoz diskiga siqiladi. Ishqalanish natijasida avtomobil sekinlashadi va harakat energiyasining katta qismi issiqlikka aylanadi.
Shu jarayonda kolodkaning ishqalanish qatlamidan juda mayda zarrachalar ajralib chiqadi. Ularning bir qismi tormoz mexanizmi atrofida to‘planadigan tormoz changini hosil qiladi.
Bir martalik tormozlanishda yeyilish deyarli sezilmaydi. Biroq minglab tormozlanishlardan keyin kolodka sezilarli darajada yupqalashadi.

Eskirgan kolodka diskka zarar yetkazishi mumkin
Kolodkaning ishqalanish qatlami uchun ruxsat etilgan yeyilish chegarasi mavjud.
Agar qatlam haddan tashqari kamayib ketsa, kolodkaning metall asosi tormoz diskiga tegishi mumkin. Bu esa disk yuzasining shikastlanishiga olib kelishi ehtimolini oshiradi.
Shu sababli kolodkani oxirigacha ishlatish tavsiya etilmaydi.
Universal almashtirish muddati yo‘q
Tormoz kolodkalarini 20 ming, 30 ming yoki 50 ming kilometrda majburiy almashtirish kerak degan yagona qoida yo‘q.

Ularning yeyilish tezligi haydash uslubi, tormozlanishlar soni, avtomobil yuklamasi va foydalanish sharoitlariga bog‘liq.
«O‘zavtosanoat» tavsiyasiga ko‘ra, Onix va Tracker’da kolodkalar har 5 000 kilometrda tekshirilishi, almashtirish esa faqat ularning haqiqiy yeyilish darajasiga qarab amalga oshirilishi kerak.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Cobalt va Damas bo‘lib to‘lash narxlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.