
Huawei va JAC hamkorligidagi Maextro brendi Huawei Maextro V800 lyuks minivenida tormoz pedali kronshteyni sinishi bilan bog‘liq muammoga munosabat bildirdi. Avvalroq Xitoyning Dongchedi nashri uchta V800’da 100 km/soat tezlikdan favqulodda tormozlash sinovi vaqtida tormoz pedali kronshteyni singanini ko‘rsatgan edi.
Maextro V800 narxi 766 ming yuandan 1,016 mln yuangacha, ya’ni taxminan $114,3 mingdan $151,5 minggacha boradi.
Muammo uchta avtomobilda takrorlangan
Dongchedi uchta Maextro V800 minivenini 100 km/soat tezlikdan keskin tormozlash sinovidan o‘tkazgan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, har uch holatda ham tormoz pedali kronshteyni shikastlangan. Sinov vaqtida pedalga qo‘llangan maksimal kuch 1612 N ni tashkil etgan.
Dongchedi avval tarqalgan 4589 N ko‘rsatkichi uskunaning LCD ekrani va kamera kadrlar chastotasi mos kelmagani sababli yuzaga kelgan vizual artefakt ekanini ham tushuntirdi.
Konstruktsiyada bir nechta zaif nuqta aniqlangan
Dongchedi mutaxassislari tormoz pedali markazi aylanish o‘qidan 130 mm masofada joylashganini qayd etgan.
Shuningdek, aylanish nuqtasi atrofida vertikal tayanch faqat bir qatlamli ekani va mustahkamlovchi qovurg‘alar yetarli emasligi aytilgan.
Nashrga ko‘ra, aynan shu omillar birgalikda detalning takroriy sinishiga olib kelgan.
Shuningdek, o‘qing: Jetour G700 avtomobili sotuvga chiqdi
Maextro bepul yangilashni taklif qiladi
Maextro tormoz pedali konstruksiyasini optimallashtirishini va amaldagi avtomobil egalari uchun bepul yangilash imkoniyatini taqdim etishini ma’lum qildi.
Kompaniya, shuningdek, ushbu detal bo‘yicha konstruktsiyani tasdiqlash jarayoni, sinov parametrlari va ishlab chiqarish sifat nazoratini qayta ko‘rib chiqishini bildirdi.
Shu bilan birga, Maextro V800 sinovlari GB 21670-2025, GB 7258-2026 milliy standartlari hamda QC/T 788-2018 sanoat standartlaridan yuqori talablar asosida o‘tkazilganini ta’kidladi.

Mijozlarda bunday holat qayd etilmagan
Maextro ma’lumotiga ko‘ra, V800’ning dastlabki partiyasi mijozlarga yetkazib berilganidan beri real foydalanish sharoitida tormoz pedali kronshteyni asosining sinishi holati qayd etilmagan.
China EV DataTracker ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil avgustida 181 ta Maextro V800 mijozlarga yetkazib berilgan.
V800 523 ot kuchiga ega
Maextro V800 uzunligi 5495 mm bo‘lgan yetti o‘rinli miniven bo‘lib, to‘liq massasi 3,8 tonnani tashkil etadi.
Model CATL’ning 65 kVt·soat sig‘imli batareyasi, ikki elektr motor va generator vazifasini bajaruvchi 1,5 litrli benzin dvigateli bilan jihozlangan. Elektr motorlarining umumiy quvvati 390 kVt, ya’ni 523 ot kuchiga teng.
Avtomobilda steer-by-wire boshqaruvi, 41,6 dyuymli yig‘iluvchi proyeksiya ekrani, 41 ta dinamikli audio tizim, 8 litrli sovutkich va imo-ishora orqali boshqariladigan oynalar kabi funksiyalar ham mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Huawei Mate 90 seriyasi bir haftada 270 mingdan oshgani haqida yozgan edi.