
Sobiq argentinalik futbolchi Karlos Teves 2026-yil oxirida Buenos-Ayresdagi La Bombonera stadionida xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. MARCA’ning Infobae’ga tayanib yozishicha, o‘yinda Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu bir jamoa safida maydonga tushishi mumkin.
Uchrashuv 20-dekabrga rejalashtirilayotgani aytilmoqda. Teves bu tashabbusni amalga oshirish uchun «Boka Xuniors» prezidenti Xuan Roman Rikelmening roziligini olgani haqida ham xabar berilgan.
Teves Ronaldu va Messini birlashtirmoqchi
Teves bir necha hafta oldin Argentinaning OLGA striming kanalida xayrlashuv uchrashuvini tashkil etish ustida ishlayotganini ma’lum qilgan edi.
«Ularni birlashtiramiz. Krishtianuning oldiga o‘zim boraman, kichkintoyni ham olib kelaman», — degan Teves Messi va Ronaldu haqida.
Sobiq futbolchi uchrashuvga Janluiji Buffon, Edvin van der Sar, Rio Ferdinand, Nemanya Vidich, Jorjio Kyellini, Leonardo Bonuchchi, Andrea Pirlo, Pol Skoulz va Rikelme kabi sobiq jamoadoshlarini ham taklif qilish niyatida.
Biroq hozircha Messi va Ronaldu ushbu uchrashuvda qatnashishini rasman tasdiqlamagan.
Teves ikkala futbolchi bilan ham birga o‘ynagan
Teves Argentina terma jamoasi safida Messi bilan 47 ta uchrashuvda birga maydonga tushgan.
Ronaldu bilan esa «Manchester Yunayted» safida jami 80 ta uchrashuv o‘tkazgan. Endilikda Teves ikki sobiq jamoadoshini o‘zining xayrlashuv o‘yinida bir jamoaga birlashtirishni istamoqda.
Ronaldu Messining xayrlashuv postiga izoh qoldirgandi
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ronaldu Messining Argentina terma jamoasidagi faoliyati yakuniga bag‘ishlangan postiga izoh qoldirgani haqida yozgandi.
«Leo, shuncha yil davomida mamlakatingni himoya qilding va bu tarix abadiy yashaydi. Argentina bilan erishgan barcha yutuqlaring uchun senga hurmatim cheksiz. Quchoqlayman», — deb yozgan edi Ronaldu.
Endi Tevesning rejasi amalga oshsa, uzoq yillar futbolning asosiy raqiblari sifatida ko‘rilgan Messi va Ronaldu birinchi marta bir jamoada maydonga tushishi mumkin.