Cobalt avtomobili boshlang‘ich to‘lovsiz bo‘lib to‘lash sharti asosida sotilmoqdami — UzAuto Motors izoh berdi

13-oktabr 2026 11:00 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
UzAuto Motors Cobalt bo‘yicha tarqalgan xabarni rad etdi
Foto: SI

UzAuto Motors ijtimoiy tarmoqlar va internet sahifalarida Chevrolet Cobalt avtomobillari boshlang‘ich to‘lovsiz bo‘lib to‘lash sharti asosida sotuvga chiqarilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bunday xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. UzAuto Motors jamoatchilik vakillarini tasdiqlanmagan va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

Amaldagi taklifda 50% boshlang‘ich to‘lov bor

Foto: Chevrolet

UzAuto Motors 7-oktabrdan Chevrolet Cobalt va Damas avtomobillarini bank ishtirokisiz bo‘lib to‘lash dasturini yo‘lga qo‘ygan. Cobalt uchun boshlang‘ich to‘lov 50% etib belgilangan, qolgan mablag‘ esa 24 oy davomida to‘lanadi.

Masalan, Cobalt GX-STYLE AT PLUS komplektatsiyasi 156,1 mln so‘m turadi. U uchun 78,05 mln so‘m boshlang‘ich to‘lov talab etiladi, oylik to‘lov esa 3,25 mln so‘m atrofida. GX-MIDNIGHT AT versiyasida boshlang‘ich to‘lov 82,6 mln so‘mni, oylik to‘lov 3,44 mln so‘mni tashkil qiladi.

Cobalt avval ham chegirma va bo‘lib to‘lashda taklif qilingan

Foto: Kursiv Media

30-sentabr kuni UzAuto Motors Chevrolet Cobalt Style uchun 10 mln so‘mlik chegirmani qayta e’lon qilgan edi. Natijada model narxi 156,1 mln so‘mdan 146,1 mln so‘mgacha tushirilgan. Mazkur aksiya avtomobil uchun 100% to‘lov qilinganda amal qilgan.

Model haqida

Chevrolet Cobalt O‘zbekistonda ommabop sedanlardan biri hisoblanadi. UzAuto Motors hozirgi takliflarda modelning GX-STYLE AT PLUS va GX-MIDNIGHT AT kabi komplektatsiyalarini sotmoqda.

Shu bois kompaniyaning hozirgi bayonotida aynan «boshlang‘ich to‘lovsiz» taklif mavjud emasligi ta’kidlanmoqda. Rasmiy bo‘lib to‘lash dasturlarida esa boshlang‘ich to‘lov majburiy shart sifatida saqlanib qolgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet yangi avtomobilini yangi ranglarda chiqarishi haqida yozgan edi.

Shuningdek