
Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu Lionel Messi bilan bo‘lgan munosabatlari haqida gapirib, avval keng ommaga ma’lum bo‘lmagan voqeani esladi. Bu haqda Sport.ua The Touchline’ga tayanib xabar berdi.
Ronalduning aytishicha, ular qariyb 15 yil davomida turli taqdirlash marosimlarida bir sahnada qatnashgan va o‘zaro yaxshi munosabatda bo‘lgan.
Ronaldu Messiga tarjima qilib bergan
Portugaliyalik futbolchining so‘zlariga ko‘ra, Messi ingliz tilida aytilayotgan gaplarni tushunishi uchun u ba’zan tarjima qilib bergan.
«Esimda, unga ingliz tilida nima deyishayotganini tarjima qilib berardim. Bu juda qiziq edi», — dedi Ronaldu.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Messi unga doimo yaxshi munosabatda bo‘lgan. Shu bilan birga, har ikki futbolchi o‘z klubi va milliy terma jamoasi manfaatlarini himoya qilgan.
Biz bir-biriga motivatsiya bergan
Ronaldu Messi bilan raqobatni sog‘lom raqobat sifatida baholadi.
«Oramizda sog‘lom raqobat bor edi. Menimcha, biz bir-birimizni motivatsiya qilganmiz», – dedi u.
Ronaldu va Messi birgalikda 13 ta «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan. Messi sakkiz marta, Ronaldu esa besh marta ushbu sovringa sazovor bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ronaldu o‘zbek klubini yutganidan so‘ng fikr bildirgani haqida yozgan edi.