Galaxy S27 Ultra maxfiylik ekranining yangi avlodini oladi

14-oktabr 2026 10:35 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Galaxy S27 Ultra maxfiylik ekranining yangi avlodini oladi
Foto: AH

Samsung Galaxy S27 Ultra smartfoni Privacy Display texnologiyasining ikkinchi avlodini olishi mumkin. Yangi yechim ekrandagi shaxsiy ma’lumotlarni yon tomondan ko‘rishni qiyinlashtirish bilan birga, tasvir sifatini ham yaxshilashi kutilmoqda.

Manbaga ko‘ra, ushbu funksiya Galaxy S27 Pro modelida ham paydo bo‘lishi mumkin.

Privacy Display qanday ishlaydi

Samsung Display’ning Flex Magic Pixel texnologiyasiga asoslangan hozirgi Privacy Display ekran ko‘rish burchagini cheklaydi. Yon tomondan qaralganda tasvir xiralashadi va natijada xabarlar, bildirishnomalar hamda boshqa shaxsiy ma’lumotlarni o‘qish qiyinlashadi.

Foydalanuvchi himoyani butun ekran uchun yoki faqat ayrim bildirishnomalar va ilovalar uchun faollashtirishi mumkin.

Yangi versiyada tasvir sifati yaxshilanadi

Amaldagi texnologiyaning asosiy kamchiligi – Privacy Display yoqilganda tasvir sifati pasayishi. Hatto ekranga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaralganda ham tasvirning aniqligi kamayishi mumkin.

Privacy Display v2’da ushbu muammoni kamaytirish rejalashtirilmoqda. Kutilayotgan o‘zgarishlar orasida himoya rejimida tasvir aniqligini oshirish, ekran ko‘rish burchagini kengaytirish va umumiy tasvir sifatini yaxshilash bor.

Bu foydalanuvchiga maxfiylik rejimini doimiy yoqilgan holda ishlatish imkonini berishi mumkin.

Taqdimot 2027-yilda bo‘lishi mumkin

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S27 Ultra 2027-yil fevralida taqdim etilishi mumkin.

Smartfon Android 17 asosidagi One UI 9.5 interfeysida ishlashi kutilmoqda. AQSh bozoridagi boshlang‘ich narxi esa taxminan $1,4-1,5 ming bo‘lishi mumkin.

Samsung hozircha Galaxy S27 Ultra’ning Privacy Display v2 funksiyasi, taqdimot sanasi va narxiga oid ma’lumotlarni rasman tasdiqlamagan.

Avvalroq «Kursiv» Galaxy S25 Ultra 1 TB versiyasi qanday narxda sotilayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek